CHJU YUANCHJAN

CHJU YUANCHJAN (1328, Anxoy viloyati — 1398, Nankin) — Xitoy imperatori (1368 yildan). Min sulolasi asoschisi. Yersiz ijarador oilasida tug’ilgan. Yoshligida Budda rohibi bo’lgan. 1352 yil mo’g’ullarning yuan sulolasiga qarshi Markaziy Xitoyda qo’zg’olon ko’targan shaharlik boylardan Go Szisin otryadiga kirgan. 1355 yil bu rayondagi vatanparvarlar qo’zg’olonining bosh rahbariga aylangan. O’z hokimiyati ostiga Markaziy, Sharqiy va Janubiy Xitoyning katta qismini hamda boshqa qo’zg’olonchi rahbarlar qo’l ostidagi hududlarni birlashtirish yo’li bilan Chju yuanchjan 1368 yil yanvarda o’zini imperator deb e’lon qilgan. Shu yili uning qo’shinlari Yuan imperiyasi poytaxti Dadu (Pekin) ni egallab, mo’g’ul sulolasini ag’darib tashlagan. Chju yuanchjan podsholigi davrida mamlakat iqtisodiyotini tiklash yo’lida bir qator islohotlar, avvalo qishloq xo’jalik sohasida amalga oshirilgan. Chju yuanchjanning ichki siyosati amaldorlarning o’z mansablarini suiiste’mol qilishlariga qarshi qaratilgan, shuningdek, yangi suloladan norozi bo’lgan barcha shaxslarga nisbatan qatag’on siyosati yurgizgan.