CHO’KINDI KONLAR
CHO’KINDI KONLAR – suv havzalari tubida cho’kindi yig’ilishi jarayonida shakllanuvchi foydali qazilma yotqiziqlari. Ular daryo, botqoq, ko’l, dengiz va okeanlarda hosil bo’lib, dengiz va okeanlardagilari platforma va geosinklinal Cho’kindi konlariga ajratiladi. Dengizda hosil bo’lgan Cho’kindi konlar katta o’lchamli bo’lib, o’nlab kilometrga, qatlam svitalari esa yuzlab kilometrga cho’ziladi. Cho’kindi konlar. mexanik (qum, tuproq va boshqalar), kimyoviy (tuz, temir va marganes rudasi va boshqalar) va biokimyoviy (neft, ko’mir va boshqalar) larga ajratiladi. Cho’kindi jinslar va ular bilan bog’liq bo’lgan Cho’kindi konlarning shakllanishi litogenezning 3 bosqichi: sedimentogenez, diagenez va katagenez orqali bo’ladi. Cho’kindi konlar tog’ jinslariga muvofiq yotadi va qatlam yoki tekislik linzalar shaklida bo’ladi. Ba’zan metamorfizm va tektonik harakatlar oqibatida ular o’z shaklini o’zgartirib, murakkabroq qiyofa hosil qiladi. Cho’kindi konlardagi minerallarning tarkibi minerallarning 3 guruhi bilan aniqlanadi: 1. Chaqiq minerallar (kvars, rutil, ba’zan dala shpatlari, piroksenlar, amfibollar, slyudalar va boshqalar), ular nurash jarayoniga chidamli bo’ladi; 2. Kimyoviy nurash mahsulotlari (kaolinit, montmorillonit, suvli slyudalar, opal va boshqalar); 3. Yangi cho’kindi hosilalar (karbonatlar, tuzlar, fosfatlar, ruda minerallari, kremniyli mahsulotlar va boshqalar). Cho’kindi konlar yirik sanoat ahamiyatiga ega bo’lib, ularga hamma yonuvchi qazilmalar (neft, gaz, ko’mir, yonuvchi slaneslar), temir, marganes, alyuminiy rudalarining ayrim turlari hamda rangli va nodir metallar (U, Si, V va boshqalar) konlari kiradi. Cho’kindi konlar orasida qurilish materiallari (shag’al, qum, gil, slanes, ohaktosh, bo’r, dolomit, mergel, gips, yashma, trepel), qazilma tuzlar, fosforitlarning ko’pgina konlari ma’lum.