CHORLASH

CHORLASH, chaqiriq — Turkiston xalqlarida nikoh to’yidan so’ng kelin yoki kuyov sharafiga har ikki quda uyida o’tkaziladigan 1-chaqiriq, ziyofat, marosim. O’zbeklarda kelin Chorlash (chorlar) to’ydan keyin bir hafta ichida kelinning o’z ota-onasinikiga kuyovning yaqin qarindoshlari, qo’ni-qo’shnilari bilan mehmon bo’lib borishidir (erkaklar ishtirok etmaydi). Bunda kuyovning onasi qudasinikiga har xil sovg’alar, milliy taomlar, shirinlik va boshqalar keltiradi. Kelinning onasi ziyofat tugagach, ayol qudalarga sovg’a, qiziga esa boshoyoq sarpo qo’yadi. Chorlash bilan qudalarning rasmiy qarindoshchiligi boshlangan. Kuyov Chorlash (chaqiriqda) 1-farzand ko’rgunga qadar kuyov yaqin qarindosh-urug’lari, mahalladagi e’tiborli kishilar, do’stlari (faqat erkaklar) bilan qaynatasinikiga boradi. Kuyovning qaynatasi o’z imkoniyatiga yarasha kuyoviga va uning qarindoshlariga sovg’alar beradi. Hozirda Chorlash marosimi yo’qolib bormoqda.