DARAXT

DARAXT — tana va shoxlari yog’ochlangan ko’p yillik o’simlik. Daraxtlar bo’yiga qarab 3 guruhga: 1) 35 metrdan baland (chinor, terak, qora qayin, qarag’ay); 2) 25-35 metr (qayrag’och, yong’oq, oq qayin, tol, qatrang’i); 3) 25 metrgacha (zarang, chetan, shumurt va boshqalar) bo’linadi. Mevali Daraxtlar ham shakliga qarab 3 guruhga: 1) shoxshabbasi ko’p, baland bo’lib o’sadigan (nok, gilos, yong’oq, olmaning ayrim navlari); 2) tanasi ko’rimsiz, ildiz bachkilaridan ham ko’payadigan bo’yi past (shaftoli, olmaning pakana xillari, olcha va olxo’rining ayrim turlari va boshqalar); 3) birinchi va ikkinchi guruh oralig’idagi o’rta bo’yli Daraxtlar (olma va o’rikning ko’pchilik xillari va navlari, nok, olchaning ayrim turlari)ga bo’linadi. Daraxtlarning doim yashil va barglarini har yili kuzda to’kadigan xillari ham bor. Doim yashil Daraxt barglari vaqt-vaqti bilan to’kilib, o’rniga yangisi chiqaveradi. Daraxtlar yoshi ularning kesilgan to’nkasidan yoki o’sib turgan ildiz bo’g’zidan (parmalab olingan o’zagigacha), yog’ochligidagi yillik halqalar soniga, shuningdek, Daraxtlarning tashqi belgilari (bargakning rangi, tanasining shakli, po’stlog’ining tusi va tuzilishi)ga qarab aniqlanadi. Masalan, katta yoshdagi igna bargli daraxtlar bargining rangi ochroq, o’sishdan to’xtagan daraxtning shoxshabbasi yumaloq telpak gumbaz shaklida, tanasining pastki qismi yorilgan, qalin, o’lik po’stloq to’qimalari bilan qoplangan, ba’zan poyasi sirtida yashil, sariq va boshqa tusli buqoqlar paydo bo’ladi. Yosh daraxtlar tik o’sadi, shox-shabbasi cho’ziq konussimon, po’stlog’i silliq, yaltiroq, igna bargli daraxtlar bargi sersuv, to’q yashil. Daraxtlarni o’g’itlash yoki hosil berishini to’xtatish bilan hayotini uzaytirish mumkin. Shaftoli daraxti 15-20, saksovul 50-60, terak 70-80, tok 100, tol 300, xandon pista 350, tut va yong’oq 400, qarag’ay, shumtol, zarang 700-1000, chinor 1000, eman 2000, shamshod 3000, mamont daraxti 6000 yil yashaydi.

DARAXT — naqsh turi va mujassamoti. Amaliy bezak san’atida keng tarqalgan. Badiiy buyumlar bezagi (kashtachilik, chitgarlik, kulollik, naqqoshlik va boshqalar) da qo’llaniladi. Jumladan, toshkentlik kulollar Daraxtni laganlarning o’rtasiga chizishadi, Samarqand, G’ijduvon, Rishton, Shahrisabzda bu naqsh hoshiya bezaklarida keng ishlatiladi.