Daryo

Daryo – tabiiy o`zandan oqayotgan suv. Yog`in-sochin, buloq, muz va boshqa suvlarning to`planib oqishidan hosil bo`ladi. Daryoning paydo bo`lishi uchun muayyan iqlimiy va geomorfologik sharoit bo`lishi kerak. Masalan, o`rta kenglikda 250 mm, subtropiklarda 500 mm va tropiklarda 700-1000 mm yog`in yoqqanda daryolar hosil bo`ladi. Daryoda uzluksiz suv oqib turishi uchun suv yig`iladigan havza va qiyalik bo`lishi shart. Odatda, daryo nishabi yuqori oqimida kattaroq bo`lib, tez otsadi. Natijada daryo yuqori oqimida o`zanining tagini, o`rta va quyi oqimlarida yon tomonlarini yemirib boradi. Quyi oqimida suv keltirgan oqiziqlar qisman o`zan ostiga cho`ka boshlaydi. Daryoda o`zan, qayir, terrasa (ko`hna qayir), vodiy va boshqalar bo`ladi. Daryolar, odatda, suvayirg`ichdan ancha berida, yetarli miqdorda suv hosil bo`lgan joydan boshlanadi, yo`l-yo`lakay o`ziga irmoqlarni qo`shib olib daryo sistemasini hosil qiladi va biror ko`l yoki dengizga quyilib tugaydi. Ko`pincha daryoning boshlanish joyi buloqlar, ko`llar, botqoqliklar va muzliklardan iborat bo`ladi. Masalan, O`rta Osiyodagi Panj, Vaxsh, Zarafshon va Norin kabi daryolar muzliklardan, Rossiyadagi Neva, Svir va Angara singari daryolar, ko`llardan, Belorussiya, Ukraina, G`arbiy Sibirdagi ko`pgina daryolar botqoqliklardan boshlanadi. Quruq va issiq iqlimli o`lkalardagi daryolar ko`pincha suvi bug`lanib va qumlarga singib tugaydi yoki hamma suvi sug`orishga sarf bo`ladi, jumladan, O`rta Osiyodagi daryolarning ko`pchiligi ma’lum bir joyga quyilmasdan tugab qoladi (Zarafshon, Qashqadaryo, Chu va Turkmanistondagi daryolar). Faqat o`lkaning eng yirik daryolari – Amudaryo va Sirdaryo Orol dengiziga yetib boradi. Biror dengiz yoki ko`lga quyiladigan daryo bosh daryodir. Daryo sistemasida bosh daryoga quyilgan daryo – soylar daryoning irmoqlaridir. Havzasining relyefi, o`zan va vodiysining tuzilishiga ko`ra tog` daryolari va tekislik daryolari bo`ladi. O`rta Osiyodagi daryolar, asosan, tog` daryolaridir; tez oqadi, serostona, vodiylari chuqur, tog`, juda nishab, yirik-yirik xarsanglar, tosh va shag`allarni ko`chirib ketadi. Bahorgi qissa, shiddatli yomg`irlarda, qor tez eriganda toshqinlar bo`ladi, sel keladi. Tekislik daryolari keng o`zanda, sokin va ko`pincha ilon izi bo`lib oqadi, tarmoqlarga bo`linib ketadi, o`zan va qayirlarda qum, gil yotqiziqlar qoldiradi, marza, sayozlik tirsaklar hosil qiladi (masalan, Amudaryo va Sirdaryo o`rta va quyi oqimlarida). Daryolarni gidrologiya fani o`rganadi. Xalq xo`jaligi uchun daryolarning ahamiyati juda katta. Ulardan kema qatnovi, yog`och oqizish, suv omborlari, GES qurish, sug`orish, sanoat va aholini suv bilan ta’minlash, botqoq, sho`r yerlarning ortiqcha sho`r suvlarini oqizish kabi maqsadlarda foydalaniladi. Daryo yotqiziqlari ustidagi tuproqlar unumdor bo`ladi.