Dasturxonchi
Dasturxonchi-O’rta Osiyo xonliklari saroylarida saroy xizmatchilaridan hisoblangan kichik mansabdagi amal. Ular saroyga kelgan mehmonlarni kutib olish, ularning oldiga dasturxon yozib taom keltirish, kuzatib qo’yish ishlarini boshqarib turganlar. Bugungi kunda O’zbekistonda dasturxonchilik ma’nosi tubdan o’zgarib, to’y va boshqa marosimlarda tashkiliy ishlarini boshqaradigan ayollarga nisbatan qo’llanilmoqda. Dasturxonchi lavozimiga mahalladagi ayollar tomonidan chaqqon, pasanda, ishbilarmon ayolni saylab qo’yishadi. Dasturxonchini Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida kayvoni deb atashadi. Dasturxonchi dasturxonni bezash, issiq ovqatni tortish, to’ydan so’ng idish-tovoqni saranjomlash ishlarini ham bajaradi. To’y va boshqa marosimlarning turiga qarab, dasturxonchining xizmatlari ham turlicha bo’ladi. Masalan, qiz uzatib borilganda, qiz tomon dasturxonchisi kuyov tomon dasturxonchisi bilan birgalikda kelinni “kelin salom”ga olib chiqadi. Beshik to’yda esa alla jo’rligida beshikni boshida ko’tarib, to’yxonaga kiradi.