DAVLAT

DAVLAT (ar. boylik, hokimiyat) — 1) keng ma‘noda – muayyan hududda yashovchi va oliy hokimyat organi tomonidan taqdim etiluvchi va uyushtiriluvchi odamlar jamoasi. Bu ma‘noda u mamlakat va xalqni ifodalaydi. Masalan, o’zbek davlati; 2) siyosatshunoslikda, tor ma‘noda – muayyan hududda oliy hokimiyatga ega tashkilot, muassasalar tizimi. U boshqa siyosiy tashkilotlar bilan bir qatorda (masalan, siyosiy partiya, harakatlar) mavjud. Davlat jamiyatni o’z qonun-qoidalariga ko’ra idora qiladi, turli tip, shakllarda tashkil topadi. Davlat va uning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, mohiyat va vazifalari haqida turlicha fikrlar mavjud. Davlatning vazifasi yovuzlikka qarshi yaxshilik, tinchlik va insonlarning baxtli saodatli hayotini ta‘minlashdir. Aristotel ham, Forobiy ham insonlar hayotiy zarur masalalarni yechishda va o’z ezgu orzulariga erishishlarida tabiat insonga ato etgan huquqlar (dunyoga kelish, yashash, oila qurish va h.k.) asosida Davlatga birlashadilar, deb hisoblagan. Davlatga jamiyatda tinchlikni, tartibni ta‘minlovchi, jamiyatni idora qiluvchi hokimiyat sifatida qaragan. Davlat ichki tizimiga ega, o’z vakolatlarini amalga oshirish uchun maxsus organlarga ega. Davlat odamlarning va jamoat guruhlarining qo’shma faoliyati va munosabatlarini tashkil etadi, ularni yo’naltiradi va nazorat qiladi. Davlat uch asosiy funksiya ega; 1) Tashkiliy – jamiyat birligini saqlash va mustahkamlash, tartibni saqlash, munosabatlarni boshqarish). 2) Spetsifik – Davlat siyosatini va milliy manfaatlarini majburiy bajarishga qaratilgan siyosatni olib borish). 3) Huquqiy – uning maqsadi huquqiy tizimni yaratish va uni boshqarish, qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyati, davlat apparati vakolatilarini chegaralash va boshqarishdir. Bu funksiyalarning barchasi ichki (jamiyat ichidagi faoliyat) va tashqi (davlatlararo munosabatlar) turlarga bo’linib, bir-biri bilan o’zaro bog’liq va bir-biriga bevosita tobedir.