DAVLAT MOLIYASI

DAVLAT MOLIYASI — davlat ixtiyorida pul jamg’armalarining tashkil etilishi, taqsimlanishi va sarflanishi sohasidagi moliyaviy munosabatlar. Davlat moliyasining mablag’lari umummilliy manfaatlar yo’lida sarflanadi, davlatning funktsiyalarini bajarishga xizmat qiladi. Davlat moliyasi pul jamg’armalari, moliya mexanizmi, davlatning moliyaviy institutlari (idoralari) va moliya siyosatini o’zida mujassamlashtiradi. Davlat moliyasi tarkiban davlat byudjeti, mahalliy (munisipal) byudjetlar, davlat korxonalarining moliyasi (ularning byudjeti), hukumatga qarashli maxsus jamg’armalar, davlat krediti (davlat qarz olgan va qarzga beradigan vositalari) kabi turlarga bulinadi. Birinchi marta “Davlat moliyasi”atamasi 16-asrda Frantsiyada ishlatila boshladi. O’sha davrda Davlat moliyasi turli soliqlar tarzida maydonga keldi. Yirik davlatlarning vujudga kelishi va ular xarajatlarining ortib borishi bilan naqd pulga ehtiyoj o’sdi, natijada xalqdan olinadigan soliqlar, asosan, pul shaklida yig’ib olinadigan bo’ldi, majburiy soliqlar va zayomlar davlat zayomlari bilan almashindi. Buning oqibatida Davlat moliyasining murakkab tizimi vujudga keldi. Hozirgi vaqtda davlatning iqtisodiy va moliyaviy siyosatini amalga oshirishda Davlat moliyasi katta ahamiyatga ega. U takror ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlash, xalqning moddiy va ma’naviy turmush farovonligini oshirish, davlat organlarini mablag’ bilan ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotini o’stirish, xalq xo’jaligini, ijtimoiy sohani moliyalashtirish, iqtisodiyotni investisiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish, milliy xavfsizlikni ta’minlash, davlatni idora qilish va boshqalarda yetakchi vosita hisoblanadi. Mavjud barcha korxonalar va xalq xo’jaligi tarmoqlari moliyasi Davlat moliyasi va moliya tizimi zaxiralarining asosiy manbaidir. Ahmadjon O’lmasov.