DEGAZATSIYA

DEGAZATSIYA (de… va gaz) — 1) zaharlangan joylar, inshootlar, harbiy texnika, jangovar qurollar, oziq-ovqat, havo, suv va boshqalarni zararsizlantirish. Degazatsiya qiluvchi moddalar sifatida xlorli ohak, kaltsiy gipoxlorit, xloraminning har xil kontsentratsiyalari, ishqorli tuzlar qo’llanilishi mumkin. Zaharlangan joy xlorli ohak bilan Degazatsiya qilinadi, ayrim hollarda esa tuproq yoki qorning zaharlangan qatlami olib tashlanadi. Kiyimboshlar issiq qavo yordamida, jangovar texnika va harbiy qurollar xloramin va ishqorli eritmalarni purkash yo’li bilan yoki yuvuvchi eritmalar (benzin, kerosin, spirt) da Degazatsiya qilinadi. Xonalarni zaharli moddalar bug’i va gazlardan xoli qilish uchun ular shamollatiladi. Degazatsiyada maxsus mashina va asboblar, oddiy suv sepish mashinalari, greyderlar, gidropultlar qo’llanilishi mumkin; 2) metallurgiyada — vakuumda ishlov berish yo’li bilan suyuq metallar tarkibidagi gazlarni chiqarib yuborish. Kovshli, tsirkulyasion va boshqa usullari bor; 3) foydali qazilmalar qatlamlari va atrofdagi jinslar orasidan zararli gazlarni tabiiy yoki sun’iy usullar bilan chiqarib yuborish. Konlarga gaz to’planib qolishining oldini olish uchun bajariladi: 4) qishloq xo’jaligida — fumigasiyaning so’ng zaharli gaz va bug’ qoldiqlarini yo’qotish. Havoning quruq va haroratning yuqori bo’lishi Degazatsiyani tezlashtiradi. Degazatsiya aktiv va passiv usulda bajariladi. Aktiv Degazatsiya don va donquritgichlar yordamida yoki quyosh taftida shopirib quritish bilan amalga oshiriladi. Passiv Degazatsiyada esa fumigatsiya qilingan don, chigit va boshqa mahsulotlardan gaz tamoman uchib ketmaguniga qadar ularga tegilmaydi, mahsulotlar saqlanadigan omborda derazalar ochilib, elvizak hosil qilinadi. Binoda brommetil bor-yo’qligini aniqlash uchun atsetil lampasi, sham, gugurtni yondirib polga yaqinlashtiriladi, agar olov o’chmasa yoki rangi o’zgarmasa Degazatsiya nihoyasiga yetgan hisoblanadi.