DENGIZ

DENGIZ — dunyo okeanining bir qismi; okeandan quruqlik yoki orollar, yarim orollar va suv osti relefining ko’tarilgan joylari bilan ajralib turadi. O’zining gidrologik, meteorologik va iqlimiy rejimi bilan okeanning ochiq qismidan farq qiladi. Dengiz quruqlik bilan qancha ko’p o’ralgan bo’lsa, okeandan tafovuti shuncha ko’p bo’ladi. Okeanlarning ayrim ochiq qismlari shartli ravishda Dengiz deyiladi, masalan, Sargasso Dengiz va Filippin Dengiz Aslida ko’l (masalan, Orol, Kaspiy, O’lik dengizlari), lekin maydoni ancha katta bulganligidan Dengiz deb atalgan, ba’zi Dengizlarga esa qo’ltiq deyiladi (masalan, Gudzon qo’ltig’i, Fors qo’ltig’i). Dengizlar geografik o’rni va gidrologik rejimi xususiyatlariga ko’ra 3 guruhga bo’linadi: materiklar orasidagi Dengizlar, materik ichkarisidagi Dengizlar va chekka Dengizlar. Materiklar orasidagi Dengizlar juda chuqur bo’ladi. Bularga O’rta dengiz, Avstraliya va Osiyo orasidagi Dengizlar, Karib dengizi va qizil dengiz kiradi. Materikdagi Dengizlar biron materikning ichkarisida joylashgan bo’ladi. Bularga Oq dengiz, Boltiq dengizi, qora dengiz, Azov dengizi va boshqalar kiradi. Chekka Dengizlar okean va materiklarning chekkalarida bo’ladi. Bularga Barents dengizi, Kara dengizi, Sharqiy Sibir dengizi, Chukotka dengizi, bering dengizi, Yapon dengizi, Shimoliy dengiz va boshqalar kiradi. Dengiz atrofidagi quruqlik Dengizning iqlimi, suv rejimi va suv osti yotqiziqlariga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bunday ta’sir materik ichkarisidagi va materiklar orasidagi Dengizlarda ayniqsa katta bo’ladi. Dengiz atrofidagi daryolar Dengizga chuchuk suv bilan birga loyqa (oqiziq) jinslarni keltiradi. Dengizlar geologik nuqtai nazardan yosh hosillardir. Ular uchlamchi davrda vujudga kelgan, to’rtlamchi davrda to’liq shakllangan. Eng chuqur Dengizlar yer pustining o’pirilgan — yorilgan joylarida hosil bo’lgan. Masalan, O’rta dengiz (eng chuqur joyi 5121 metr), Karib dengizi (eng chuqur joyi 7090 metr) va boshqalar. Sayoz Dengizlar materik chekkalarining cho’kkan qismlarini okean suvining bosishidan yoki okean sathining ko’tarilishidan paydo bo’lgan. Bunday Dengizlar ko’pincha materik sayozliklarda joylashgan. Masalan, Sharqiy Sibir dengizi, Shimoliy dengiz va boshqalar Dengiz tubining relefi okeanlarning ochiq qismi tubining relefiga qaraganda oddiyroq tuzilgan. Dengiz tubi relefida katta masofaga cho’zilgan suv osti baland tizmalari, keng platolar emas, balki uncha chuqur bo’lmagan soyliklar, tepaliklar, sayozliklar ko’p. Dengiz iqlimiga quruqlikning ta’siri katta. Tropiklardagi Dengizlar ustida temperaturaning o’rtacha yillik amplitudasi 15° (Fors qo’ltig’i), o’rtacha kengliklarda esa 30° va undan ortiq (Yapon dengizi). Dengiz yuzasidagi suv t-rasining amplitudasi o’rtacha va subtropik kengliklardagi Dengizlarda eng katta (masalan, O’rta dengizda 17° gacha), ekvator atroflaridagi Dengizlarda esa eng kichik (masalan, Sulavesi dengizida 2° dan kam) bo’ladi. Geografik o’rniga qarab ba’zi Dengizlar yuzasining temperaturasi qo’shni okean yuzasinikiga qaraganda yuqoriroq bo’ladi (masalan, qizil dengiz), ba’zi Dengizlar yuzasining temperaturasi esa okean yuzasinikidan pastroq bo’ladi (masalan, Oxota dengizi). Dengiz suvining sho’rligi dunyo okeanidan anchagina farq qiladi. Bug’lanish quyiladigan chuchuk suvdan kam bo’lsa, sho’rlik darajasi past bo’ladi (mas, Boltiq dengizida 6-8%o). Bunda bug’lanmay qolgan ortiqcha suv Dengiz yuzasidan okeanga chiqib ketadi. Agar bug’lanish quyiladigan chuchuk suvdan ortiq bo’lsa, Dengizlarning sho’rlik darajasi yuqori bo’ladi (masalan, qizil dengizda 41,5%o). Bunda ortiqcha bug’lanish natijasida Dengiz sathi pasayadi. Natijada okeandan suv oqib keladi. Dengizlarda sho’rlik va temperatura turlicha taqsimlanganligi sababli suvning zichligi ham turlicha, masalan, Boltiq dengizida 1,0100, qizil dengizda 1,0287 (ochiq okeanda zichlik 1,0210—1,02725). Dengiz yuzasida suvning zichligi mavsumlarga qarab sezilarli darajada o’zgarib turadi. Dengizlarda zichlikning mavsumiy o’zgarib turishi natijasida, mavsumiy vertikal tsirkulyatsiya kuchli bo’ladi. Suv yuzasidagi zichlik katta bo’lgan dengizlarda vertikal tsirkulyatsiya dengiz tubigacha yetib boradi. Oqimlar Dengizlarda kam. Quruklikdan quyilgan suvlar, atmosferadagi tsiklonlar, yerning aylanishidan vujudga kelgan buruvchi kuch ta’sirida oqimlar aylanma harakat qiladi. Ularning yo’nalishi Shimoliy yarim sharda soat mili yo’nalishiga qarshi, Janubiy yarim sharda esa soat mili yo’nalishi bo’ylab bo’ladi. Dengizlar hayvonot va o’simlik dunyosining endemik turlari ko’pligi va organik dunyosining xilma-xil bo’lishi bilan okeanlardan farq qiladi. Ad.: Kerrington R., Biografiya morya, L., 1964.