DETANDER

DETANDER (Fransuzcha detendre — kuchsizlantirish) — gazni sovitish uchun mo’ljallangan mashina. Detanderda gazni sovitish jarayoni uni kengaytirish hisobiga amalga oshadi. Detanderning har xil turlari bor. Ularning ichida porshenli Detander va turbodetander keng tarqalgan. Porshenli Detanderda qisilgan gazning potentsial energiyasi porshenni tsilindr ichida harakatlantiradigan ishga aylanadi, gaz kengayib soviydi. Bunday Detander asosan yuqori va o’rtacha bosimli sovitish qurilmalarida ishlatiladi. Turbodetander uzluksiz ishlaydigan kurakli mashina. Unda gaz oqimi soplo (qo’zg’almas yo’naltiruvchi kanal) lar va rotorning aylanib turuvchi kurakli kanallar tizimi orqali o’tadi. Shunda gazning potentsial energiyasi kinetik energiyaga hamda mexanik ishga aylanadi, natijada gaz soviydi. Bunday Detanderlar gaz oqimining yo’nalishi bo’yicha markazga intiluvchi, markazdan krchuvchi va o’q bo’ylab yo’naluvchi xillarga bo’linadi. Soplolarda gazning kengayish darajasiga qarab, faol (aktiv) va suet (passiv), gazning kengayish pog’onalari soniga ko’ra bir va ikki pog’onali Detanderga bo’linadi. Bir pog’onali, markazga intiluvchi reaktiv Detander ko’proq qo’llaniladi. Turbodetanderlar past, o’rta va yuqori bosimli sovitish qurilmalarida ishlatiladi. Detanderlar gazlarni suyultirish qurilmalari, refrijeratorlar, havoni kondisirlash (me’yorlash) qurilmalari va boshqalarda qo’llaniladi.