DETONATSIYA

DETONATSIYA (lotincha detono — gumburlash) — 1) issiqlik ajralib chiqishi bilan yuz beradigan kimyoviy o’zgarishlarning modda yoki gazda tovush tezligidan kattaroq (doimiy) tezlikda tarqalishi. Portlovchi gazlar aralashmasi uchun Detonatsiya tezligi 100-3500 m/s, qattiq jism va suyuqliklar uchun 8000-9000 m/s. Detonatsiya vaqtida kimyoviy o’zgarishlar zarba to’lqini hosil qilib yuz beradi, natijada modda qisiladi va qiziydi; katta tezlikdagi kimyoviy o’zgarish natijasida ko’p miqdorda issiqlik ajraladi, gaz hosil bo’ladi, natijada bosim ko’tarilib portlash ro’y beradi. Masalan, Detonatsiya vaqtida boshlang’ich zichligi 1600 kg/m bo’lgan trotilning bosimi 200 ming ATM.ga yetadi. Qisilgan mahsulotlar Detonatsiya vaqtida portlaydi; 2) ichki yonuv dvigateli tsilindrida yonilg’ining juda tez va noto’g’ri (chala) yonishi tufayli yuz beradigan hodisa. Dvigatel bir me’yorda ishlaganda alanga 10-20 m/s tezlikda tarqaladi, Detonatsiya paytida esa uning tezligi 1500-2500 m/s ga etishi mumkin. Detonatsiya tufayli dvigatel notekis ishlaydi, tsilindrlarda taqillash paydo bo’ladi, yonilg’i chala yonadi, halqalar, porshen va klapanlar kuyishi mumkin, tovush so’ndirgich (glushitel) dan qoramtir tutun chiqadi, dvigatelning quvvati pasayadi. Yonilg’ining sifatsizligi, karbyuratorning yaxshi sozlanmaganligy, yonilg’i nasosining bir me’yorda ishlamasligi Detonatsiyaga sabab bo’lishi mumkin. Detonatsiya oktan soniga, benzinning xiliga ko’p jihatdan bog’liq. Detonatsiya atrof muhitning ifloslanishiga ham olib keladi. Detonatsiyani bartaraf qilish uchun yuqorida aytilgan kamchiliklarni tuzatish lozim. Texnikada Detonatsiyaga qarshi choralar ko’riladi; yonilg’ilarga antidetonatorlar (masalan, tetroetil qo’rg’oshin) qo’shiladi. Sun’iy olmos, bor nitridi va boshqa o’ta qattiq moddalar olishda, o’ta yuqori (bir necha o’n va yuz gPa) bosim hosil qilishda, portlatish ishlarida Detonatsiyadan foydalaniladi.