DEVPECHAK
DEVPECHAK (Cuscuta L.) — chirmovuqdoshlar (Cuscutaceae) ga mansub bir va ko’p yillik tekinxo’r o’simlik. Vatani — Amerika va Afrika. O’rta Osiyoda 5 turi tarqalgan. Bularning har biri 150-200 gacha o’simlik turini zararlab, hosilning ko’p qismini nobud qiladi, sifatini pasaytiradi. Ildizi, bargi bo’lmaganidan xlorofill yo’q. Poyasi (0,5—7,5 millimetrgacha) sarg’ish yoki sarg’ishpushti, sershox. Guli oq va oqish-pushti, oval shaklda. Chanog’i qalpoqsimon, serurug’. Urug’i dumaloq yoki tuxumsimon, uchli, g’adir-budur, usti qattiq po’st bilan qoplangan. Devpechak, asosan, urug’idan va qisman poyasidan ko’payadi. Tuproqda qishlab chiqqan urug’lari mart— aprel oylarida unib chiqadi. O’simtalari dastlab kuniga 2-3 santimetr, 10-kundan boshlab 12-15 santimetrdan o’sadi. O’simtalari biror o’simlikka chirmashib, urug’idan ajraladi, o’simlik tanasiga 2— 4 marta spiral shaklida o’ralib oladi va so’rg’ichlari bilan o’simlik shirasini so’ra boshlaydi. Natijada o’simlikda modda almashinuvi buziladi, Hosili kamayadi, hatto qurib qoladi. Devpechak, asosan, mevali, manzarali, o’rmon daraxtlari, tok, buta, rezavor, subtropik va tsitrus o’simliklariga tushib, xalq xo’jaligiga katta zarar keltiradi. Kurash choralari: Devpechak tushgan daraxt novdalari qirqib yoqiladi, kuchli zararlanganlari tupi bilan kovlab yo’qotiladi. Bog’, tokzor, ko’chatzor va daraxtzorlarda qator oralari haydab qo’yiladi, daraxtga tushgan Devpechakni kimyoviy usulda yo’qotish chorasi hozircha ishlab chiqilmagan (imkon qadar qo’lda tozalanadi). Ekin maydonlari, yo’l yoqalaridagi o’simliklarga tushgan Devpechakni yo’qotish uchun esa nitrafenning 4% li eritmasi bilan gektariga 1200 litr normada dorilanadi.