DILNOZ
DILNOZ — ertapishar tarvuz navi. O’zbekistan sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida Dnepropetrovskiy, Mramorniy va Ogonyok navlarini duragaylash yo’li bilan chiqarilgan (R. Hakimov, S. Qo’chqorov, 1990). Dilnoz o’rtacha palaklanadi, asosiy palagi uzun. Bargi o’rtacha, ingichka, kulrang-yashil, barg asosida uyma barglari bir-biriga tegib turadi. Tarvuzi dumaloq, deyarli qora, to’rsiz, ingichka, uzun ko’rinmaydigan taramlari bor. Og’irligi 3,5—4 kilogramm. Pusti qalinligi o’rtacha, qattiq. Eti yorqin qizil, mayin, shirador. Mevasi tarkibida umumiy qand miqdori 7,6%, S vitamini 7,3 mg% ga boradi. Urug’i mayda, 1000 ta urug’ining og’irligi 50-55 gramm. Urug’i unib chiqqanidan keyin mevasi 85 — 90 kunda pishadi. Hosildorligi 300 ts/ga dan yuqori. 1994 yildan O’zbekistonning barcha viloyatlarida ekiladi.