DIPLOM LOYIHASI
DIPLOM LOYIHASI – oliy va o’rta kasb-hunar texnika o’quv yurtlarini bitiruvchilarning yakunlovchi mustaqil ishi. Diplom loyihasi nazariy yoki eksperimental tadqiqot, chizma hamda uning hisoblashtushuntirish qismi va sh.k.dan iborat bo’ladi. Diplom loyihasi mavzusi mu-handis (texnik) ishlab chiqarishda duch keladigan asosiy masalalarni o’z ichiga oladi. Unda talaba (o’quvchi) ning o’qish davrida olgan nazariy bilim va amaliy ko’nikmalari namoyon bo’ladi. Diplom loyihasi oliy o’quv yurtlarida davlat imtihon komissiyasi, o’rta kasb-hunar o’quv yurtlarida davlat ixtisos komissiyasi yigilishlarida himoya qilinadi. Diplom loyihasi himoyasi mavzuning ilmiy-nazariy yoki amaliy ahamiyatiga qarab korxona va muassasalarda ham o’tkazilishi mumkin. Ayrim ixtisosliklar (asosan texnologiya) da Diplom loyihasi oliy o’quv yurtlarining kafedralari ixtiyori bilan diplom ishi bilan almashtirilishi mumkin. Diplom loyihasini himoya qilgan va ijtimoiy-siyosiy fanlarning biridan davlat imtihoni topshirgan bitiruvchilarga muayyan ixtisoslikni egallaganliklari haqida diplom beriladi. O’zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” (1997)ga muvofiq 2000/2001 o’quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida Diplom loyihasi o’rniga bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ish, magistrlar uchun ilmiy yoki ilmiy-texnikaviy mazmundagi magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish joriy etildi.