DO’ZAX
DO’ZAX, jahannam — ko’pchilik diniy ta’limotlarga ko’ra, din talablarini bajarmagan gunohkorlar oxiratda jazolanadigan joy. Yahudiylik, xristianlik, Islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Qur’onda Do’zax haqida bir necha o’rinda ta’kidlab o’tilgan (6:128; 11:106, 107). Diniy aqidaga ko’ra, Do’zaxni Alloh kofirlarga va gunohkor bandalarga jazo berish uchun yaratgan. Do’zax ichida olov yonib turadigan dahshatli chuqurlikdir. Do’zaxga mahkum qilingan bandalar shu olovga tashlanadi, ular qaynoq suv ichishadi, u yerda o’sadigan zaqqum daraxtining (shayton boshiga o’xshagan) mevasi bilan ovqatlanishadi va boshqa azoblar chekishadi. Qur’onda “qachonki terilari kuyib bitishi bilan haqiqiy azobni totib ko’rishlari uchun o’rniga boshqa terilarni almashtiramiz” deb qayd etiladi (4:56). Do’zax azoblaridan yana biri — achishtiruvchi sovuqdir. Do’zax bir necha tabaqadan iborat bo’lib, har bir gunohkor o’z gunohiga qarab tabaqalarda azoblanadi. Do’zaxning yetti darvozasi bor: Hoviya — eng chuqurlikda joylashgan bo’lib, undan munofiqlar, Fir’avnga o’xshagan ashaddiy kofirlar kiradi; Jahim — mushriklar; Saqar — dindan qaytgan murtadlar; Lazo — shayton-Iblis, uning do’stlari va majuslar; Hutama — Allohning amriga bo’ysunmagan kofir kimsalar; sair — Allohga shirk keltirgan nasorolar; Jahannam — gunohi kabiralar qilib, tavbasiz o’tgan musulmonlar kiradigan darvozalardir. Do’zaxni molik ismli farishta boshchiligidagi farishtalar qo’riqlaydi. Qalbida Allohga imoni bo’lgan bandalar Do’zaxda ma’lum vaqt azob tortganlaridan so’ng o’sha imonlari sharofati bilan Do’zaxdan chiqarilib, jannatga kiritiladi. Faqir-fuqaro, yetim-yesirlarga rahm-shafqatlilik, musulmonlar va inson bolasining og’irini yengil qilish ko’plab bandalarning Do’zax o’tidan ozod etilishiga sabab bo’ladi. Ammo, iymonsiz kishilar, kofir va mushriklar Do’zaxdan chiqmay doimiy azobda qoladi.