EKZISTENTSIALIZM
EKZISTENTSIALIZM (lotincha — yashash, mavjudlik), mavjudlik falsafasi — falsafadagi yo’nalish. 20-asr boshida Rossiyada, 1-jahon urushidan keyin Germaniyada, 2-jahon urushi davrida Frantsiyada, urushdan keyin boshqa mamlakatlarda paydo bo’lgan. S.Kerkegor (1813-55) ta’limoti, hayot falsafasi, fenomenologiya Ekzistentsializmning g’oyaviy manbai hisoblanadi. Diniy Ekzistentsializm (K. Yaspers, G. Marsel, N.A. Berdyaev, L. Shestov, M. Bubur) va ateistik E. (M. Haydegger, J. P. Sartr, A. Kamyu) bir-biridan farqlanadi. Markaziy tushunchasi — ekzistentsiya (inson mavjudligi). Inson mavjudligi asosan g’amxo’rlik, qo’rqish, qat’iylik, vijdon kabilarda namoyon bo’ladi. Dahshat, qo’rquv, o’lim inson yashashining asosini tashkil etadi. Inson o’zini ekzistentsiya sifatida anglagandan keyin erkinlikka erishadi, bu erkinlik o’z-o’zini, o’zining mohiyatini tanlashdan iborat bo’lib, insonga olamda yuz berayotgan barcha narsa uchun mas’uliyat yuklaydi. Ekzistentsializm borliqning fojialiligini, uning mantiqqa xilofligini, inson ixtiyorida emasligini targ’ib qiladi. Ekzistentsializm oqim sifatida tugaganligiga qaramay, hozirgi kunda uning asosiy tamoyillari Yevropa xalqlari mentalitetiga singib ketgan. U G’arb adabiyoti va san’atiga katta ta’sir ko’rsatgan.