ELEKTR PECH

ELEKTR PECH — elektr hodisalarining issiqlik ajratish xossasidan foydalaniladigan eritish yoki qizdirish pechi. Elektr energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirish usuliga ko’ra, yoy pechi, shduktsion pech, elektronnurli pech, dielektrik qizdirish qurilmalari va boshqalar; ishlatilish sohalari bo’yicha sanoat, laboratoriya, kommunal xo’jalik, uy-ro’zg’or uchun mo’ljallangan xillarga bo’linadi. Elektr pechda ish muhiti (havo, agressiv muhit, inert atmosfera va boshqalar), tok chastotasi, tuzilishi muhim ko’rsatkichlar hisoblanadi. Bunday pechlarda ish jarayonini avtomatlashtirish oson, unda kuyindi deyarli bo’lmaydi. Bir yo’la texnologik, issiqlik texnikasi va elektrotexnika vazifalarini bajaradigan Elektr pechlari bor. Ular elektr pech qurilmasi deb atayaadi. Ularning tarkibiga Elektr pech, kuch jihozlari (transformator, to’g’rilagich, yuqori chastotali generator, lampali generator), qo’shimcha elektr jihozlari (drossel, ballast qarshilik, kondensator, anodli to’g’rilagich va boshqalar), nazorato’lchash asboblari, pirometrik apparatura, avtomatik rostlash qurilmasi va boshqalar kiradi. Temir rudalaridan cho’yan eritib olinadigan Elektr pech elektr domna pechi deb ataladi. Bunday pechlar hozir deyarli qo’llanmaydi.