ELEKTR SOAT

ELEKTR SOAT — elektromagnit mexanizm bilan yuradigan soat. Birinchi marta soatga elektr qurilmalarini qo’llash 19-asr 30-40-yillaridan boshlangan. Dastlab, Elektr soat elektromagnit, elektr dvigatel va boshqalar yordamida yurgan. 20-asr 50-yillarigacha elektromagnit soatlar yirik gabaritli, mayatnikli, balansirli bo’lgan. Keyinchalik ixchamroq Elektr soatlar ham yaratilgan. Elektr soatlar individual (yakka) va guruh (gruppa) bo’lib ishlaydigan xillarga bo’linadi. Ixcham (individual) Elektr soatlar 120 yoki 220 V kuchlanishli o’zgaruvchan tok tarmog’idan harakatlanuvchi magnit mayatnikli asinxron yoki sinxron elektr dvigateli yordamida ishlaydi. Guruh bo’lib ishlaydigan Elektr soat bir joydan boshqarib turiladi. Bular, asosan, shahar ko’chalari, idoralar, korxonalar, o’quv yurtlari, aeroport va vokzallarda ishlatiladi. Qo’lga taqiladigan, stol ustiga qo’yiladigan va devorga osiladigan batareyali Elektr soatlari keng tarqalgan. Elektron sxemali va tsiferblatda raqamlar o’zgarib turadigan bunday soatlar elektron soatlar deb ataladi. Toshkent kurantidat soat Elektr soat hisoblanadi.