ELTARISH
ELTARISH, qutlug’ (?-691) Turk xoqonligi hukmdori (680-691). Bumin xoqonning avlodi. Dastlab tudun unvoni bilan Xitoyning shimoldagi turkiy qabilalarga rahbarlik qilgan. Asl ismi Qutlug’ bo’lib, keyinchalik Eltarish — davlatni, xalqni birlashtiruvchi degan nom olgan. U bir muddat Xitoyning tan sulolasiga (618-907) qaram bo’lib qolgan Turk xoqonligining 681 yilda qaytadan mustaqil davlat bo’lishiga asosiy hissa qo’shgan. O’rxun bitiktoshlari va Xitoy yilnomalarida Tabg’ach (Xitoy)ga qarshi Eltarish boshchiligida istiqlol uchun olib borilgan harakatlar batafsil bayon qilingan. Jumladan, bitiktoshlarda Eltarish xoqon ayoli Elbilga xotun bilan birgalikda davlatni qaytadan barpo etgani ta’kidlanadi. Xitoy yilnomalarida Gudulu (qutlug’) shaklida qayd qilingan Eltarish xoqon tan imperiyasiga qarshi qo’zg’olon ko’targan turkiy qabilalarga boshchilik qiladi va dastlab Xitoyning shimoldagi Chuqayquzi va Qoraqum (Xuanxe daryosining shimol) mavzelarida qarorgoh qurib, faoliyat yurita boshlaydi. U turkiy ashide qabilasining boshlig’i To’nyuquq (Yuanchjen) bilan birlashib kuchayadi va 682— 687 yillar orasida shimoliy Xitoyning Pinchjou (682), Dinchjou (683), Guychjou (683), Lanchjou (683), Finchjou (683), Yuychjou (683), Shochjou (684), Shochjou (686), Daychjou (686), Chanpxin (687) Shochjou (687) viloyatlariga jami 11 marta yurish qiladi va yirik g’alabalarga erishadi. Eltarish 687 yilda yirik turkiy qabila o’g’uzlarni yengib, O’tukan (Mo’g’ulistonning shimoliy g’arbiy qismidagi Xangay tog’larida joylashgan o’rmonli vodiy)ni xoqonlik markaziga aylantiradi. Uning davrida Turk xoqonligi o’zining ilgarigi qudratiga erishib, Oltoy, Janubiy Sibir va Mo’g’ulistonda istiqomat qiluvchi turkiy qabilalar bitta davlatga birlashtiriladi. Bu davrda Turk xoqonligining hududi shimolda Sayan tog’laridagi vodiylarni, Sharqda Kerulen va O’non daryolari havzalarini, Janubda Xitoyning shimol viloyatlarini o’z ichiga olgan yirik davlatga aylanadi. Ad.: Gumilev L.N., Drevnie tyurki, M., 1967; Nasimxon Rahmon, Turk xoqonligi, T., 1993. G’aybulla Boboyorov.