ENTERIT

ENTERIT (Yunoncha — ichak) — ingichka ichakning yallig’lanishi. Odatda, Enterit yakka holda kechmay, aksari ingichka va yo’g’on ichaklarning baravar yallig’lanishi — enterokolit yoxud ichak va me’daning bir vaqtda yallig’lanishi — gastroenterit ko’rinishida uchraydi. O’tkir va surunkali Enterit farqdanadi. O’tkir Enterit aksari yoz va kuzda (ko’proq issiq vaqtda) kuzatiladi. Odamda, ovqatdan bo’ladigan toksikoinfektsiyalar (ya’ni buzilib qolgan go’shtli taomlar, chala, xom pishirilgan ovqat, toza yuvmay eyilgan meva, sabzavot va hokazolar), ba’zi kimyoviy moddalar (simob, yod, ayrim sanoat zaharlari), shuningdek, ba’zi dori-darmonlardan zaharlanish, ayrim meva-chevalarning organizmga allergik ta’siri, badhazm ovqatlarni ko’p yeyish va boshqalar o’tkir Enteritga sabab bo’ladi. Organizmning qizib ketishi yoxud sovuq qotishi, jazirama issiqda muzdek ichimliklar ichish, ichakda gijja bo’lishi va hokazolar ham o’tkir Enterit kelib chiqishiga olib keladi. Enterit, shuningdek, ba’zi yuqumli kasalliklar (ich terlama, paratiflar va boshqalar) oqibatida paydo bo’lishi mumkin. Ichaklarning yallig’lanish tarziga ko’ra, Enteritning bir necha xili (kataralfollikulyar, yiringli, yarali) farq qilinadi. Kataral shakli ko’p uchraydi. Enteritda ichak shilliq qavati qizarib, shishadi va unga dona-dona qon quyiladi; ichak devoridan ko’p shilimshiq ajraladi, epitelial qavati ko’chib tushadi. Enteritda to’satdan qorin va kindik atrofi sanchib og’riydi, quldiraydi, tez-tez (sutkasiga 5-10 marta) ich suradi, bemorning ko’ngli aynib, qayt qiladi. Ba’zan qusuqqa shilimshiq va qon aralashadi, bemor isitmalab, ishtahasi yo’qoladi, terlaydi, og’zidan suv keladi. Agar ingichka ichak ko’proq zararlangan bo’lsa, kuniga 4-7 marta ich suradi, axlat dastlab quyuq, ko’p, qo’lansa, keyin suyuq, ko’pirib (ba’zan achimsiq hidli) keladi, ich kelgandan so’ng og’riq to’xtaydi. Kasallik, aksari yo’g’on ichakda bo’lsa vaqt-bevaqt yo’g’on ichak bo’ylab og’riq tutadi, sutkasiga 10-15 marta ich ketadi, axlatda ko’p shilimshiq, ba’zan qon bo’ladi. Enteritda ko’p qusish va ich ketishi tufayli organizm suvsizlanadi (bemorning terisi quruqshaydi, og’zi qurib, hidlanadi, tili karashlanib, lablari qovjiraydi, qorni dam bo’ladi va hokazolar), yurak faoliyati susayadi, qon bosimi va gavda temperaturasi pasayib, bemorning rangi ketadi, ko’zlari kirtayadi; og’irroq hollarda oyoqqo’llari muzlab, tortishibtortishib turadi. O’tkir Enterit, to’la va to’g’ri davolansa bemor sog’ayib ketadi. Aks hodda surunkali tus oladi. Surunkali Enteritning kelib chiqish sabablari o’tkir Enteritnikiga o’xshash. Shuningdek, bu Enterit ba’zan me’da, o’t qopi, jigar yoki me’da osti bezi kasalliklarida ichak devorining zararlanishi yoki ovqatda vitaminlar tanqisligi va boshqalar oqibatida paydo bo’ladi. Bunda ingichka va yo’g’on ichaklar devorining hamma qatlami shikastlanadi; ichak devorining so’rish va harakat funktsiyasi buziladi. Surunkali Enterit goh zo’riqib, goh bosiladi. Davo bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab tayinlanadi. Surunkali Enteritni davolashda, asosan, parhez va vaqtida qat’iy rejim bilan ovqatlanish yaxshi foyda beradi. Oshlovchi moddalar tutgan (behi, nok va hokazolar) mevalar suvidan ichib turish, kasallik zo’riqqanda yumshoq taomlar eyish, vitaminlar qabul qilish tavsiya etiladi. Oldini olish: doim oziq-ovqatlarni yaxshilab pishirib eyish, to’g’ri ovqatlanish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, pashshalarni qirish va hokazolardan iborat. Enterit hayvonlarda ham uchraydi, yosh mollarda og’ir o’tadi. Enterit birlamchi va ikkilamchi, o’tkir va surunkali, difterik, gemorragik, yarali, flegmonoz va kataral bo’ladi. Birlamchi Enterit doim bir xil, sifatsiz, chirigan va zamburug’bosgan ozuqa bilan boqishdan, ikkilamchi Enterit infektsion va invazion kasalliklar natijasida kelib chiqadi. Kasal hayvonning ishtahasi yo’qoladi, shilliq pardalari sarg’ayadi. Yo’g’on ichagi yallig’langanda ichi ketadi, keyinchalik ichi qotadi. Kasallik og’ir o’tganda hayvon nobud bo’ladi. Davolash: ichni yumshatuvchi dorilar (natriy va magniy sulfat), antibiotiklar va boshqalar beriladi. Ichaklarni dezinfektsiyalovchi dorilar ichiriladi. Oldini olish: chorva mollari sifatli yem-xashak bilan boqiladi, oziqlantirish rejimiga rioya qilinadi.