ENTODERMA
ENTODERMA (ento… va derma) — 1) ko’p hujayrali hayvonlarning ichki murtak qavati. Birlamchi og’izlilarda Entoderma birlamchi ichakning ichki yuzasini qoplab turadi; undan o’rta ichak va hazm bezlari hosil bo’ladi. Ikkilamchi og’izlilarda Entoderma ichakning ichki qavatini hosil qiladi. Umurtqalilarda Entodermadan ichakning shilliq qavati va u bilan bog’liq bezlar (jigar, me’da osti bezi va boshqalar) hosil bo’ladi. Baliqlarning suzgich pufagi va ichki jabralari, quruqlikda yashovchi umurtqalilar o’pkalari ham Entodermadan rivojlanadi. Xordalilarda Entoderma va uning hosilalari ektodermal organlar (og’iz, orqa chiqaruv teshigi, jabra yoriqlari) va xordomezodermaning rivojlanishini induktsiya qiladi; 2) bo’shliqichlilar tana devori ichki qavati. Ba’zan “Entoderma” endoderma terminining sinonimi sifatida ham ishlatiladi.