EPIFITOTIYA
EPIFITOTIYA (epi… va Yunoncha — o’simlik) — o’simliklar yuqumli kasalliklarining muayyan bir vaqt davomida katta hudud (xo’jalik, tuman, viloyat, mamlakat)larda tarqalishi. Odatda, Epifitotiya boshoqli ekinlarda zang, qorakuya, g’o’zada fuzarioz, kartoshkada fitoftoroz, olmada kataraz va boshqalar ko’plab yuqumli kasalliklar ko’rinishida namoyon bo’ladi. Kasallikning tarqalish tezligi (ma’lum maydonda kasallangan o’simlik soni), kechish sur’ati (bitta o’simlik yoki organdagi zararlangan joylar soni), yo’qotilgan hosil, kasallangan maydon hajmi, kasallikning davom etish muddatiga qarab Epifitotiya miqyosini baholash mumkin. Kasallik bir necha mamlakat yoki butun qit’alarda yoyilgan bo’lsa panfitotiya, ma’lum rayonlarda o’qtin-o’qtin paydo bo’lsa enfitotiya deyiladi. Enfitotiya Epifitotiyaga va, aksincha, Epifitotiyadan enfitotiyaga aylanishi yoki kasallik qo’zg’atuvchiga noqulay sharoit bo’lganda kasallik juda kam kuzatilishi mumkin. Bu o’simliklarning zamburug’li kasalliklariga xos bo’lib, yuqum manbai tuproqda saqlanadi yoki urug’lik bilan tarqaladi. Kasallikning har yilgi rivojlanishi tabiiy sharoit yoki agrotexnika omillariga ham bog’liq. O’zbekistonda qo’zg’atuvchilari bundan 20-25 yil avval qayd etilgan ayrim o’simlik kasalliklari keyingi 8-10 yil ichida Epifitotiya sifatida ba’zi hududlarda kuzatilmoqda (ildiz chirishi va qora ildiz chirishi va boshqalar). Ularning paydo bo’lishiga qulay ob-havo sharoiti, maxsus choralarni qo’llash susayganligi, tuproqning oriqlashi, agrotexnik usullarni noto’g’ri qo’llash, jumladan, mineral o’g’itlardan noto’g’ri foydalanish sabab bo’ldi. Shuningdek, maydonlarga biotipik tarkibi bir xil ekinlarni muttasil ekish natijasida kasallik qo’zg’atuvchisining tez moslashuvi va ko’payishi, ekinlarda kasallikka chidamlilik xususiyatining o’zgarishi va boshqalar ham Epifitotiyaga sabab bo’ladigan omillardan hisoblanadi. Zamonaviy fitopatologiya Epifitotiyaning oldini olishning bir qancha usullarga ega. Natijada Epifitotiya keltiradigan zarra ancha kamaymoqda, masalan, karantin choralari va kasalliklarga chidamli ekin navlarining yaratilganligi Epifitotiya xavfini bartaraf etadi. Sulton Alimuhamedov.