EPIGRAF

EPIGRAF (Yunoncha — ustki yozuv) — 1) Yunonistonda qabr toshlari ustidagi yozuv; 2) adabiy asar yoki uning biror qismi (bobi)ning tepasiga yozib qo’yilgan va shu asar yoki qism (bob) mazmunini ifodalaydigan, asosiy yo’nalishini belgilab beradigan teran ma’noli ibora, maqol, matal, hikmatli so’z, qo’shiq, she’r yoki o’zga bir manbadan olingan parcha. Jahon adabiyotida Epigraf 15-asr boshlarida paydo bo’lgan. 19-asr romantiklari asarlarida ham Epigraf ko’p uchraydi. J. Russo, A. Stendal, I. Gyote, F. Shiller, A. Pushkin, M. Lermontov, N. Gogol, L. Tolstoy, shuningdek, o’zbek adabiyotida G’.G’ulom, A. Qahhor, O. Muxtor va boshqalar Epigraf san’atidan mohirona foydalanganlar. Epigraf iqtibos yoki ko’chirmaning barcha xususiyatlariga ega bo’lib, asosiy matnga o’ziga xos kirish vazifasini o’taydi. Ularsiz ba’zan badiiy asarning mohiyatini anglash mumkin bo’lmay qoladi. Parodiyalarda ham Epigraf qo’llaniladi.