ERITUVCHILAR

ERITUVCHILAR — turli moddalarni o’zida erita oladigan kimyoviy birikmalar yoki ularning aralashmalari. Suv, spirt, kislota, ishqor, efirlar, benzol, toluol, ksilol yoki ularning aralashmalari Erituvchilarga misol bo’la oladi. Erituvchilar xossalari (masalan, uchuvchanligi, yopishqoqligi, zichligi, dielektrik doimiysi yoki kimyoviy faolligi)ga ko’ra sinflanadi. Birinchi navbatda, Erituvchilarning kimyoviy xossalari, ayniqsa, ularning zaharli yoki zaharli emasligiga e’tibor beriladi. Standart erituvchi sifatida suv olinadi. Shu asnoda Erituvchilarni kislotali, ishqoriy va amfoter xossalarga bo’linadi. Ma’lumki, suv kimyoviy reaktsiyalarda vodorod kationi — N* ni uzatib kislota rolida bo’lishi yoki bunday kationni asos sifatida biriktirib olib, N30+ ga aylanishi mumkin. Demak, suv o’zida qanday modda eritilganiga qarab kislota yoki ishqor o’rnida bo’la oladi. Suvni deyarli ideal amfoter erituvchi deb qabul qilish mumkin. Suvning mana shunday universal xossalariga asoslanib, unga nisbatan ishqor rolida bo’luvchi Erituvchilar kislotali erituvchilar, suvni Erituvchilarga nisbatan kislota deb hisoblanganda esa ishqoriy erituvchilar deyiladi. Bunday sinflashda eritmalar hosil bo’lishida rol o’ynaydigan funktsional guruhlar elektronlari harakati hisobga olinadi. Shu bois elektron juftini beruvchi erigan modda molekulasi ishqoriy (donor) erituvchi sifatida belgilanadi. Anilin, piridin, dimetilsulfoksid, oddiy va murakkab efirlar donor Erituvchilar vakillari hisoblanadi. Erigan moddaning elektron juftini qabul qiluvchi erituvchi kislotali yoki aktseptor Erituvchilar hisoblanadi. Bularga karbokislotalar, fenollar, kislotalarning xlorangidridlari kiradi. Kislotali Erituvchilarga to’la almashinmagan galogen hosilali alifatik uglevodorodlar (xloroform, dixloretan) ham kiritiladi. Spirtlar va ketonlar suvsiz amfoter Erituvchilar hisoblanadi. Geksan, uglerod sulfid va tetraxlormetan “inert Erituvchilar” qatoriga kiradi. Erituvchilarni tanlashda ularning dielektrik o’tkazuvchanligi kabi fizik xossasidan foydalaniladi. Bunda Erituvchilarning past qutbliligi (2 dan 12 gacha) va yuqori qutbliligi (50 dan yuqori) hisobga olinadi. Suvda bu miqdor 78 ni, benzolda esa jami 2,3 ni tashkil qiladi. Tajribalar shuni ko’rsatdiki, 2 turli zaryadlar yoki 2 dipol molekulalar suvli muhitda vakuumdagiga nisbatan deyarli 80 marta kam energiya bilan ta’sirlashadi. Benzolda esa ta’sirlashuv energiyasi 2 baravar kamayadi, xolos. Shu sababli suv yuqori qutbli E. qatoriga kiritiladi. Bu borada propilenkarbonat, gidrazin, formamid va sulfat kislota suvga yaqinroq turadi. Erituvchilardan qadimdan foydalanib kelinadi. Erituvchilarning ko’plari sanoat miqyosida ishlab chiqariladi, Erituvchilar ishlatilmaydigan yoki foydalanilmaydigan sohani topish qiyin. 21-asrda Erituvchilardan kimyoviy jarayonlarni boshqarishda keng foydalanila boshlandi. Erituvchining xilini va xossalarini bilgan holda ixtiyoriy reaktsiyalarni amalga oshirish mumkin. Erituvchilardan foydalanib, elektroliz jarayonida alyuminiyni past temperaturalarda ajratib olish muammosi hal qilindi. Mana shu yo’l bilan alyuminiyli himoya va manzarali qoplamalar ham olina boshlandi. Atseton, atsetonitril, benzol, dietilefir, dimetilasetamid, dioksan, sirka kislota, etanol, formamid, metanol, nitrobenzol, piridin, tetraxlormetan, xloroform, etilasetat, tsiklogeksan, metiletilketon, oktan, skipidar, uglerodsulfid, tetralin, tributilfosfat va boshqalar turli xil Erituvchilar sanoat va xalq xo’jaligida muhim ahamiyatga ega. Ad.:Entelis S.G.,Tiger R.P.,Kinetika reaktsiy v jidkoy faze, M., 1973; Fialkov Yu.Ya., Rastvoritelkaksredstvo upravleniya ximicheskim prosessom, M., 1988. Qudrat Axmerov.