ERKINLIK

ERKINLIK — kishining o’z istagi bo’yicha ish tutishi. Erkinlik tushunchasi huquqshunoslik, siyosatshunoslik kabi ijtimoiy bilim sohalarida keng ishlatiladi. Masalan, vijdon erkinligi, so’z erkinligi, matbuot erkinligi va h.k. Erkinlik boshboshdoqlikni emas, jamiyatdagi muayyan tartibni, umumiy siyosiy hayot va jamiyatning butun faoliyati va uning a‘zolari bilan bog’liq bo‗lgan cheklanishlar yo’qligini ifodalaydi. Erkinlik insonning jamiyat oldidagi vazifani bajarishni erkin, ixtiyoriy tanlashidir. Erkinlik insonning siyosiy, ma‘naviy ta‘qibdan, zo’ravonlikdan himoyalanganligini bildiradi. Erkinlik o’z baxtini o’zi yaratish vositasi bo’lib, insonning o’zligini anglash darajasini ifodalaydi. Inson erkinligi obyektiv shartsharoit va vaziyatga bog’liqdir. U mavhum emas, u doimo konkretdir. Shaxs muayyan sharoit va vaziyatda tayin imkoniyatga tayanib aniq maqsadiga erishadi. Ammo, sharoit, vaziyat va imkoniyatlarga hamma ham bir xilda ega bo’lmasligi mumkin. Maqsadga erishishda kimgadir shart-sharoit, kimgadir maqsadga erishish vositasi, kimgadir imkoniyat yetishmay qoladi. Muayyan vaziyatda va shart-sharoitda kimdir maqsadga erishish uchun Erkinlikka ega bo’lishi yoki kimdir undan mahrum bo’lishi mumkin. Shaxsning erkinligini oshiruvchi omillarga u egallagan bilim va tajriba kiradi.