FARMAKOGNOZIYA

FARMAKOGNOZIYA (Yunoncha pharmakon — dori va gnosis — o’rganish) — farmatsiyanmig bir bo’limi. O’simliklar va hayvonlardan olinadigan dorivor mahsulotlar, ularni birlamchi qayta ishlashdan hosil bo’ladigan ba’zi moddalar (efir moylar, smolalar, sut shiralar, daraxt yelimlari va boshqalar)ni o’rganadi. Asosiy vazifasi dorivor xom ashyolarni tadqiq etish, ulardagi ta’sirkor moddalarni aniqlash usullarini ishlab chiqish, shuningdek, bu moddalarning o’simlik, hayvonlar a’zo va to’qimalarida joylashgan o’rnini o’rganishdan iborat. Bundan tashqari, yovvoyi dorivor o’simliklarning o’sish joyi va zaxirasini aniqlash, ularni yig’ish, quritish, navlarga ajratish, qaytadan ishlash, saqlash va hokazolar bilan ham shug’ullanadi. Farmakognoziya farmatsiyaning qadimgi sohalaridan bo’lib, yunon olimi Dioskorid unga asos solgan. Galen va Paratsels esa Farmakognoziyani yangi yo’nalishga solib yubordilar. O’rta asrlarda, ayniqsa, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va Sharqning boshqa olimlari Farmakognoziya rivojiga ulkan hissa qo’shdilar, 18-asrda Rossiyada Farmakognoziya sohasida dorivor o’simliklarning qo’llanishi haqida ma’lumotnoma va qo’llanmalar paydo bo’ldi. 1778 yilda birinchi rus farmakopeyasi bosilib chiqdi. Hozirgi Respublikamizda O’zbekiston kimyofarmasevtika ilmiy tadqiqot instituti faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Farmakognoziyaga oid tadqiqotlar farmatsevtika ilmiy tadqiqot institutlari va fakultetlari kafedralarida bajariladi. Farmakognoziya farmatsevtika ta’limi sistemasiga kiritilib, oliy va o’rta maxsus farmatsevtika bilim yurtlarida o’qitiladi.