FLOGOPIT
FLOGOPIT (Yunoncha phlogopos — olov rangli, qizg’ish) — varaqsimon silikatlar sinfiga mansub mineral, biotit — Flogopit izomorf qatoridagi magnezial kam temirli slyuda (Mg/Fe>2). Kimyoviy tarkibi K(Mg, Fe)3[AlSi3Ol0] (on, F)2; aralashma holida Na2O (8% gacha), TiO2 (9% gacha), MnO (18% gacha — manganofillit), shuningdek, Rb, Cs, va va boshqalar bo’ladi. Monoklin singoniyada kristallanadi. Agregatlari varaqsimon, plastinkasimon, tangasimon. Temirsiz Flogopit rangsiz, temirlisi ko’k, qizgishqo’ng’ir. Qattiqligi 2— 2,5; zichligi 2,8—3,0 g/ sm3. Metamorfik jinslarning keng tarqalgan minerali, nurash jaraenida vermikulitga aylanadi. Pnevmatolitlar va kontakt metasomatik tog’jinslarida, kristalli slaneslarda, ohaktosh va dolomitlarda uchraydi. Sanoat ahamiyatidagi konlari magnezial jinslar bilan alyuminiy kremnezemli jinslar kontaktida metasomatoz jaraenida hosil bo’ladi. Flogopit — elektroizolyasion material, u sun’iy yo’l bilan ham olinadi. Flogopitdan elektrotexnikada elektroizolyasion qistirmalar tayyorlash, sanoat pechlarining ko’rish oynalarini yasash, elektron asboblar detallarini tayyorlashda va rezina sanoatida to’ldirgich sifatida foydalaniladi. Konlari Sibir, Kanada sharqi, Madagaskar oroli, Kola yarim oroli, Braziliya va AQShda mavjud. O’zbekistonda Qurama, Chatqol, Kuljuktog’ tog’larida uchraydi.