FORS TILI
FORS TILI, forsiy — hind-yevropa tillari oilasidagi eroniy tillar guruhining Janubiy g’arbiy tarmog’iga mansub til; asosan, Eronda (Eron Islom Respublikasining rasmiy tili hamda millatlararo aloqa tili), shuningdek, Afg’oniston, Pokiston, Hindiston, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, AQShda, Kavkazorti va O’rta Osiyo respublikalarida (“eroniy” deb ataladi) tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni, o’tgan asr oxirlaridagi ma’lumotlarga ko’ra, 26 million kishidan ortiq. Fors tili tarixida 3 davr farqlanadi: qadimgi, o’rta va yangi. Hozirgi Fors tili tojik hamda Afg’onistondagi dari (forsi Kobuliy) tillari bilan birgalikda qadimgi fors (Axomaniylar sulolasi shohlarining miloddan avvalgi 6-4-asrlarga mansub mixxat yodgorliklaridan ma’lum), o’rta fors (milodiy 3-7-asrlar yodgorliklari) va mumtoz yangi fors (9— 14-asrlar yodgorliklari) davrlarining genetik vorisi hisoblanadi. Fors tili o’rta asrlarda Ozarbayjon va Hindistonda ham adabiy til sifatida qo’llangan. Fors tilining ko’plab lahja va shevalari bo’lib, Tehron lahjasi ularning eng asosiysi va eng ko’p o’rganilganidir. Bu lahja hozirgi adabiy Fors tiliga asos bo’lgan. Fonetik xususiyatlari: 6 ta monoftong, 2 ta diftong, 22 ta undosh fonema mavjud. Chuqur til orqa va bo’g’iz undoshlari bor, urg’u, odatda, oxirgi bo’g’inga tushadi. Morfologik qurilishi analitik xususiyatga ega, kelishik va jins kabi grammatik kategoriyalar mavjud emas. Otlar son, aniklik va noaniklik kategoriyalariga, fe’llar shaxs, zamon, nisbat va mayl kategoriyalariga ega. Fe’l yagona tuslanish turiga ega va tuzilishiga ko’ra sodda va qo’shma fe’llarga ajraladi. Gapdagi so’zlar aloqasida izofali tuzilmalar keng kullanadi. Kesim, asosan, ran oxirida, ega esa ran boshida, aniqlovchi aniqlanmishdan keyin keladi. Leksikasining asosini sof eroniy so’zlar tashkil etadi, lekin Arabcha o’zlashmalar ham juda ko’p (barcha leksikaning 50% igacha), shuningdek, turk, frantsuz, ingliz va b. tillardan kirgan so’zlar ham bor. Fors tili qadimgi yozuv an’analariga ega, unda boy adabiyot mavjud. Dastlabki yodgorliklari 9-asrning 1-yarmiga mansub. Yozuvi Arab alifbosi asosida, unga fors tiliga xos tovushlarni ifodalovchi 4 xarf qo’shilgan holda shakllantirilgan. Ad.: Rubinchik Yu. A., Sovremenniy persidskiy yazik, M., 1960; Peysikov L. S, Leksikologiya sovremennogo persidskogo yazika, M” 1975. Anvar Ismoilov.