FORYOB, PAREB, BARYOB

FORYOB, PAREB, BARYOB — o’rta asrlarda Xurosonga mansub viloyat va shahar. Foryob va Forob so’zlarining ma’nosi bir bo’lib “haydalgan, ishlov berilgan er” yoki “sug’oriladigan yer”ni anglatgan. Gardiziyning yozishicha, sosoniylardan Feruz ibn Yazdigard II (459-484 yillarda hukmronlik qilgan) asos solgan. Arablar istilosi arafasida Foryob alohida mustaqil mulk markazi bo’lgan. Uning hokimi Tursul dehqon unvoniga ega bo’lgan. 7-asrning 3-choragida Foryobni arablar egallagan. 8-asr boshida arablar Foryob viloyatidan 70 ming dirham miqdorida xiroj solig’i, 820-827 yillarda esa 55 ming dirham olganlar. Foryob axolisi Toxariston xalqlarining arablarga qarshi qo’zg’olonlarida bir necha bor qatnashgan. Foryob viloyatini boshqargan arablar noibi qarorgohi Yahudon shahri bo’lgan. 10-asrda, Somoniylar va Farig’uniylar davrida Foryob shahri va viloyati Guzganon shohiga tobe etilgan. Foryob savdo-sotiq rivojtopgan chiroyli shahar bo’lgan. Foryobda minorasi bo’lmagan jome masjidi bo’lgan, shahardagi hamma binolar paxsadan qurilgan, shaharda hunarmandchilikning deyarli barcha turlari taraqqiy etgan. 1220 yil Foryob shahri mo’g’ullar tomonidan vayron qilingan va u 16-asrning 1-yarmida xaroba holga kelgan, so’ngra qayta tiklangan. Foryob — hozirgi Afg’onistonning shimoli g’arbidagi kichik viloyat nomi. Markazi — Davlatobod shahri. B. A. Ahmedovnknt fikricha, Davlatobod yaqinidagi Salurtepa shahri xarobasi Foryobning qoldiqlari hisoblanadi. Davlatobod sh.ning o’zi manbalarda 17-a.sr boshidan qayd etilgan. Ad.: Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.