FRANS (FRANCE) ANATOL

FRANS (FRANCE) ANATOL (taxallusi; asl ism-sharifi Anatol Fransua Tibo) (1844.16.4, Parij — 1924.12.10, Sansirsyurluar) — frantsuz yozuvchisi. Frantsiya akademiyasi a’zosi (1896). Adabiy faoliyati bibliografik kataloglarga bitiklar, entsiklopediyalarga maqola va taqrizlar yozish bilan boshlangan. 60-yillarda “Parnas” adabiy guruhi bilan yaqinlashgan va bu hol uning ilk kitobi — “A. de Vini” (1868) da, shuningdek, “Oltin dostonlar” (1873) to’plami va “Korinf to’yi” (1876) dramatik dostonida o’z aksini topgan. Shundan keyin Frans she’riyatdan uzoklashib, 1879 yilda Ch. Darvin va I.Ten singari tabiiy fan namoyandalari ta’sirida “Iokasta” va “Qiltiriq mushuk” qissalarini yozgan. Osori atiqalar shaydosi — keksa filolog olimning kundaligi tarzida yozilgan “Silvester Bonnarning jinoyati” (1881) romani Fransga shon-shuhrat keltirgan. Yozuvchi “Tais” (1890) romanida falsafiy va axloqiy qarashlarini ifodalash uchun ilk xristianlik davriga murojaat etgan. Frans 90-yillarda yaratgan bir necha romanlari (“salamandra” 1892; “Janob Jerom Kuanyarning mulohazalari”, 1893 va boshqalar)da donishmand va daydi abbat Kuanyar hamda boshqa qahramonlar obrazi orqali nafaqat 18-asrdagi Frantsiya qirolligi, balki 3 respublikadagi voqelikka ham o’z munosabatini ifodalagan. Fransning Kuanyarga bag’ishlangan barcha asarlari falsafiy roman janrida yozilgan bo’lib, ularda syujet va voqea emas, balki falsafiy mushohadalar katta mavqega ega. Fransning “Qizil gul” (1894) romanida hissiyotga asoslangan muhabbatning mo’rt bulishi haqidagi fikr badiiy mujassamlangan. 80-90-yillarda Fransning “Valtasar” (1889), “Sadaf quticha” (1892), “Avliyo Klaraning qudug’i” (1895), “Klio” (1900) kabi kichik hikoya to’plamlari nashr etilgan. Frans 20-asr boshlarida sotsialistlarga yaqinlashib, 1905 yil rus inqilobini yaxshi qarshi olgan. Hatto rus xalqi va Rossiyaga qo’shib olingan xalqlar do’stligi jamiyatini tuzib, unga raislik qilgan (1905 yil Fevral). 1905-07 yil rus inqilobining mag’lubiyatga uchrashi esa uning ruhiyati va dunyoqarashiga katta ta’sir qilgan. U hatto tarixda olg’a harakat yo’q, tarix bosib o’tilgan yo’lning takrorlanishidan iborat, shuning uchui insoniyat tarixiy taraqqiyotning bir nuqtasida depsinib turadi, degan xulosaga kelgan. Fransning “Pingvinlar oroli” (1908), “xudolar xohishi” (1912), “farishtalar isyoni” (1914) romanlaridagi satirik ruh qisman yozuvchi dunyoqarashidagi ana shu pessimistik holat bilan izohlanadi. Frans umrining so’nggi yillarida bolalik va o’smirlik yillariga bag’ishlangan “Kichkina Pyotr” (1919), “gulga burkangan hayot” (1922) singari xotiralari bilan birga falsafiy mazmun bilan yo’g’rilgan “Gul tagidagi suhbatlar” (1917) asarini yozgan. 2 jildli “Janna D’ Ark hayoti” (1908) tarixiy tadqiqoti, “Sokov qizga uylangan kishi hangomasi” (1912) singari pesalar muallifi. “Janob Jerom Kuanyarning mulohazalari” asaridan olingan “bashariyat tarixi” hikoyasi Oybek tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureate (1921). As: Sobranie sochineniy, t. 1-4, M., 1983— 84. Ad.: Lixodzievskiy S, Anatol Frans, T., 1962; Frid Ya., Anatol Frans i ego vremya, M., 1975.