FRESKA

FRESKA (italyancha fresco — yangi) — rangtasvir asari yaratish usuli; asarlari yangi nam suvoqqa quriganda yupqa shaffof kaltsiy karbonat qatlami hosil qiluvchi suvli yoki ohak suvi qo’shilgan bo’yoqlarda ishlanadi. Bunda bo’yoqlar mustahkamlanib, Freskaning uzoq saqlanishini ta’minlaydi. Shu usulda yaratilgan rangtasvir asari ham Freska deb ataladi. Me’morlik bilan bog’liq holda monumental kompozitsiyalar yaratish imkonini beruvchi Freska devoriy rassomlikning asosiy usullaridan. Freska uchun suvoq asos bir necha qatlam — 1 qism so’ndirilgan ohak va 2 qism mineral to’ldiruvchilar (qum, ohak, g’isht yoki sopol kukunlari) dan iborat bo’ladi, ba’zan suvoqni yorilishdan saqlaydigan organik moddalar (somon, po’kak, kanop va hokazolar) qo’shiladi. Odatda, ohak bilan kimyoviy reaktsiyaga kirishmaydigan bo’yoqlar ishlatiladi. Freska rang tuslarining barcha imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi, faqat bunda bo’yoqlar quriganda o’ta oqarishini nazarda tutish kerak. O’simlik bo’yoklar quruq suvoqqa yelim yordamida yotqiziladi. Freskada lessirovka muhim rol o’ynaydi, biroq ko’p bo’yoq qatlamida rang xiralashadi va oqaradi. Freskadan tashqari quruq suvoqqa ishlanadigan rangtasvir usuli (a Sekko) ham qadimdan ma’lum bo’lgan. Freska miloddan avvalgi 2-ming yilliqdan ma’lum: Egey san’atida tarqalgan, antik badiiy madaniyatda yuksak darajada rivojlangan. Milodning dastlabki asrlarida Freskaga yaqin bo’lgan bo’yama devoriy rasmlar Sharq (Hindiston, O’rta Osiyo va boshqa) xalqlarida yaratila boshlandi. Antik davr ustalari Freskani, odatda, tempera yordamida tugatganlar; bu usul O’rta asrlar Freskasi (Vizantiya, qadimgi Rus, Italiya va boshqalar)ga ham xos bo’lgan. Uyg’onish davrida italiyalik rassomlar (Jotto, Mazachcho, Rafael, Mikelanjelo va boshqalar) ijodida Freska yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tarildi, 16-asrdan tempera qo’llanilmagan “sof” Freska tarqaldi. 20-asrning ilg’or rassomlari (Italiyada A. Borgonsoni, Meksikada D. Rivera, Rossiyada V.A. Favorskiy va boshqalar) Freskada ijod qildi, Freska palitrasi ko’pgina yangi sintetik bo’yoqlar bilan boyidi. O’zbekiston hududida qadimdan quruq suvoqqa ishlanadigan Freska usuliga yaqin devoriy rasmlar yaratilgan (Afrosiyob devoriy rasmlari va boshqalar), 20-asrdan Freska keng tarqaldi. Freska san’atining O’zbekistonda rivojlanishiga Ch. Ahmarov, N. Kashina, A. Gan va boshqalar katta hissa qo’shdi.