GAAGA KONVENTSIYALARI
GAAGA KONVENTSIYALARI – 1) Gaaga shahrida o’tkazilgan 1 – va 2 – tinchlik konferentsiyalarida (1899 va 1907) urush olib borish qonun-qoidalari to’g’risidagi xalqaro konventsiyalar. 1-Gaaga konferentsiyasida (1899) Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Yaponiya, Skandinaviya mamlakatlari, jami 27 davlat vakillari qatnashib, jumladan xalqaro nizolarni tinch yo’l bilan hal etish, urush paytida tinch aholini himoya qilishga, harbiy asirlar, yaradorlar va bemorlarni joylashtirishga oid qoidalar ishlab chiqilgan. 2-Gaaga konferentsiyasida (1907) 44 davlat vakillari betaraf davlatlarning burch va huquqlari, harbiy harakatlarni boshlash va urushda dengiz kuchlari tomonidan dushman hududini bombardimon qilish tartiblari, zaharlaydigan gazlarni ishlatmaslik va boshqalar to’g’risida kelishib olingan; 2) harbiy to’qnashuv ro’y bergan holatda madaniy boyliklarni muhofaza qilish to’g’risidagi 1954 yil konventsiyasi; 3) xalqaro xususiy huquq bo’yicha 1902— 05, 1954, 1955, 1956, 1961 yillarda tuzilgan va boshqa konventsiyalar.