Gabon
Rasmiy nomi — Gabon Respublikasi. Poytaxti — Librevil. Hududi – 267,7 ming km2. Aholisi – 1,5 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — fransuz. Dini — xristianlik (60%), majusiylik (39%), islom (1%). Pul birligi — afrika franki. Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Afrikaning g‘arbida joylashgan davlat. Sharqda va janubda Kongo (chegara uzunligi — 1903 km), shimolda va g’arbda Kamerun va Ekvatorial Gvineya bilan chegaradosh (648 km). G‘arbda Gabon Atlantika okeaniga tutashib ketgan. Asosiy yirik daryosi — Ogove. Asosiy tabiiy boyliklari — neft, uran, oltin, temir rudasi, marganes. Hududining 78% i namlik darajasi yuqori bo‘lgan tropik o‘rmonlar bilan qoplangan. Gabon hududining deyarli o‘rtasidan ekvator kesib o‘tadi. Iqlimi — nam va issiq. Hayvonot dunyosi o‘ta boy va xilma-xil. Fil, qo‘tos, antilopa, qoplon va boshqalar shular jumlasidandir. Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — prezidentlik respublikasi. Mamlakat 9 ta viloyatdan iborat. Gabon 1960-yilning 17-avgustida o‘z mustaqilligiga erishgan. 17-avgust Milliy mustaqillik kuni sifatida bayram qilinadi. Davlat boshlig‘i — prezident. Hukumat va Bosh vazir prezident tomonidan tayinlanadi. Qonun chiqaruvchi oliy organ bir palatali parlament — Milliy Majlis. Mamlakatda 70 dan oshiq siyosiy partiyalar mavjud. Ularning eng yiriklari — Gabon Demokratik Partiyasi, Gabon Taraqqiyoti Partiyasi va Milliy Uyg‘onish harakati. Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Yirik miqdordagi tabiiy boyliklarga ega bo’lganligi sababli Gabon Afrikaning rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Iqtisodiyotning yetakchi sohasi neft eksportidir. Bundan tashqari sanoatning boshqa sohalari — yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik, kon ishlari yaxshi rivojlangan. Qishloq xo’jaligida asosan shakarqamish, какао, banan, makkajo‘xori va sholi yetishtiriladi. Eksportga neft, marganes, toshko‘mir, uran xom-ashyosi chiqariladi. 2006-yil YIM miqdori 9227 mln dollarni (aholi jon boshiga — 5900 doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari Fransiya, AQSH va Yaponiya. Yirik portlari: Libervil, Port-Jantil.
Tarixi. Bugungi Gabon hududi XV asrda portugallar tomonidan ochilgan. Gabonni mustamlakalashtirish jarayoni uning 1889-yilda Fransuz Kongosiga qo‘shilishi bilan yakunlandi. Gabon 1910-yilda Fransuz Ekvatorial Afrikasining tarkibiy qismiga aylandi. 1960-yildan Gabon o‘z mustaqilligiga erishdi.