GABON
GABON (Gabon), Gabon Respublikasi (Republique Gabonaise) — Markaziy Afrikadagi davlat. Maydoni 267,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,19 million kishi (1997). Poytaxti — Librevil shahri. Ma’muriy jihatdan 9 viloyat (provintsiya)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Gabon — respublika. 1990 yil mayda qabul qilingan va 1997 yil aprelda tuzatishlar kiritilgan Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i — prezident (1967 yildan Omar Bongo). U umumiy to’g’ri saylov huquqi asosida 7 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — ikki palatali parlament (millat Majlisi va Senat). Ijroiya hokimiyatni president bilan Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Vazirlar Kengashining a’zolari va bosh vazir prezident tomonidan tayinlanadi va uning olida mas’uldirlar. Tabiati. Gabon ekvatorial va subekvatorial o’rmonlar mintaqasida joylashgan. Gabonning ichki qismini janubiy Gvineya qirlari egallagan. Shayyu tog’laridagi Ibunji cho’qqisining balandligi 1580 metr. Undan shimoli- g’arbda xrustal tog’lari (Dana cho’qqisi 1000 metr) bor. Atlantika okeani sohilini eni 200 kilometrgacha bo’lgan pasttekislik egallagan. Foydali qazilmalardan marganes, uran, temir rudasi bor. Iqlimi issiq va sernam, ekvatorial va subekvatorial iqlim. Iyulning o’rtacha temperaturasi 22-24°, aprelda 25^27°. O’rtacha yillik yog’in 1500-2000 millimetr, okean sohilida esa 2500-3000 millimetr. Daryolari ko’p va sersuv. Eng katta daryosi Ogove. Gabon hududining 80% i qalin doimiy yashil o’rmonlar. Tuprog’i qizil-sariq laterit tuproq. O’rmonlarda qimmatbaho yog’och olinadigan qizil, sariq, eben, sandal, okume va boshqa daraxtlar o’sadi. Sohil mangra o’rmonlari b-n qoplangan. Hayvonlardan fil, buyvol, qoplon, kiyik, sirtlon, maymunlar, daryolarda begemot, timsoh va boshqalar yashaydi. Har xil qushlar, hasharotlar (jumladan tsese pashsha) ko’p. Milliy bog’lari: Vonga-Vong, Okanda. Aholisi asosan Fang, mpongve, mbete, Punu va boshqalar. Rasmiy til — frantsuz tili, ammo aholining ko’pchiligi Fang, banyabi yoki bakota tillarida so’zlashadi. Dindorlar — asosan xristianlar (70%). Aholining 20% an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi, 10% musulmonlar. Aholining 45,7% shaharlarda yashaydi. Tarixi. Gabonning qadimgi va o’rta asrlardagi tarixi kam o’rganilgan. Gabonga yevropaliklar kirib kelgan vaqtda (1485 yilda birinchi bo’lib Portugaliya dengizchilari paydo bo’lgan) bu yerda qabilaurug’chilik tuzumi yemirilayotgan edi. 16-asrdayoq Yevropa (Portugaliya, Frantsiya, Gollandiya, Angliya) va Amerika qul savdogarlari Gabonni Ekvatorial Afrikada qul ovlanadigan asosiy maydonga aylantirganlar. 1839 yildan frantsuzlar Gabon daryosining qirg’og’ida o’z qishloqlarini qurib, mamlakatni asta-sekin bosib ola boshladilar. Gabon xalqining mustamlakachilarga qarshi kurashi 1-jahon urushigacha davom etdi. Gabon dastlab Frantsiya Kongosining bir qismi edi. 1886 yildan alohida ma’muriy birlikka aylangan. 1903 yilda (1910-58 yillarda frantsuz Ekvatorial Afrikasi tarkibida) rasman Frantsiya mustamlakasi deb e’lon qilindi. 2-jahon urushidan so’ng Gabonning turli joylarida boshlangan milliy ozodlik kurashi uyushgan ommaviy harakatga aylandi. 40-50-yillarda dastlabki milliy partiyalar va kasaba uyushmalari tashkil topdi. 1958 yilda Gabon ichki muxtoriyat huquqiga ega bo’lib, Frantsiya Hamkorligi a’zoligiga qabul qilindi va shu yili respublika deb e’lon etildi. 1960 yil 15 iyulda Frantsiya hukumati Gabonga mustaqillik berishga majbur bo’ldi, 17 avgustda esa Gabon mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Gabon 1960 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 10 yanvarda O’zbekiston Respublikasining suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 17 avgust— Mustaqillik kuni (1960). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Gabon demokratik partiyasi, hukmron partiya, 1968 yilda tuzilgan; Gabon taraqqiyot partiyasi, muxolifatdagi partiya; Milliy tiklanish uchun harakat (morena), muxolifatdagi partiya, 1981 yilda tuzilgan. Gabon kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1969 yilda asos solingan. Xo’jaligi. Gabon tabiiy resurslarga boy bo’lishiga qaramay, iqtisodiy jihatdan orqada qolgan. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 52,8%, qishloq va o’rmon xo’jaligi ulushi 11,4%. 1950 yil oxiridan konchilik sanoati rivojlana boshladi (asosan Frantsiya kapitali hisobiga). Qishloq xo’jaligida mayda dehqon xo’jaligi ustun. Jamoa va xususiy yer egaligi mavjud. Eksport qilinadigan asosiy ekin mahsulotlari kofe va kakao. Qishloq xo’jaligida yer yong’oq, qalampir, maniok, banan, makkajo’xori, sholi, yog’li palma va boshqalar yetishtiriladi. Chorvachilik sust rivojlangan. Atlantika okeanining Gabon sohiliga yaqin joylarida baliq va kit ovlanadi. Ovchilik (jumladan, fil suyagi tayyorlash), yovvoyi daraxt mevalarini terish aholining qo’shimcha mashg’ulotidir. Gabonning sohilidan va unga yondosh shelf qismidan neft va tabiiy gaz olinadi. Yiliga 914 million kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Gabon okume yog’ochi tayyorlashda dunyoda 1-o’rinda. Afrikada eng katta faner zavodi Port-Jantilda (yiliga 60 ming kub metr faner tayyorlaydi). Ishlab beruvchi sanoati qishloq xo’jaligi mahsulotlari (sholi, kofe, palma yog’i va boshqalar)ni qayta ishlovchi korxonalardan iborat. Puent-Klerettda yiliga 600 ming tonna neftni qayta ishlovchi zavod mavjud. Pivo zavodi, tegirmon, kislorod-atsetilen zavodi, kema qurish korxonalari, to’qimachilik, tikuv fabrikasi bor. Temir yo’l uzunligi — 652 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 10 ming kilometrga yaqin (2 ming kilometrga yaqini qattiq qoplamali). Kema yo’llarining umumiy uzunligi— 1700 kilometr. Muhim dengiz portlari — PortJantil va Librevil. Bu shaharlarda xalqaro aeroportlar bor. Gabon chetga neft, marganes rudasi, uran kontsentrati, yog’och, yog’och mahsulotlari, kakao, kofe chiqaradi. Chetdan mashina va uskunalar, transport vositalari, oziq-ovqat, metall, metall buyumlar, gazlama va boshqalar keltiradi. Tashqi savdodagi mijozlari: Frantsiya, Germaniya, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya. Pul birligi — Afrika franki. Madaniyati. Gabon mustaqillikka erishgan paytda 14 yoshdan katta bo’lgan aholining 77% i savodsiz edi. 1959 yilda 6-16 yoshli bolalar uchun majburiy ta’lim haqida qonun qabul qilindi. Darslar frantsuz tilida o’qitiladi. O’qish muddati boshlang’ich maktablarda 6 yil, to’liqsiz o’rta maktab (kollej) larda 4 yil, to’liq o’rta maktab (litsey)larda 7 yil. Professional ta’lim boshlang’ich maktabni tugatganlarni qabul qiladigan 2 bosqichli (4 va 3 yillik) texnika litseylarida va 3 yillik texnika kollejlarida amalga oshiriladi. 1970 yil Librevilda Milliy universitet tashkil etilgan. Ilmiy muassasalari: tropik o’rmonchilik tadqiqot markazi, fan va texnika bo’yicha tadqiqot byurosi, geol. va konchilik tadqiqot byurosi, tropik qishloq xo’jalik ilmiy tadqiqot instituti. Ilmiy tadqiqotlar Libreviddagi universitetda ham olib boriladi. Universitetda kutubxona mavjud. Gabonda “Gabon-Maten” (“tonggi Gabon”), Nasonalist” (“Millatchi”), “Yunon” (“Ittifoq”), “Patriot” (“Vatanparvar”), “Jurnal’ofisel de la Repyublik Gabonez” (“Gabon Respublikasining rasmiy gazetasi”) kabi gazetalar va bir qancha jurnallar nashr etiladi. Gabon matbuot agentligi 1961 yilda tuzilgan. Gabon radioeshittirish va teleko’rsatuvi 1975 yil tashkil etilgan bo’lib, u hukumat ixtiyorida. Gabon xalqlarining an’anaviy turar joylari — to’g’ri burchakli, tomi ikki tomonga Nishab qilib palma shoxlaridan yopilgan yog’och uylardir. Librevil markazida zamonaviy me’morlik binolari (gubernator saroyi, frantsuz amaldorlari uyi, savdo do’konlari) qurilgan. Yog’och o’ymakorligi, fil suyagidan bezakli buyumlar ishlash, badiiy to’qish va kashtachilik rivojlangan. Yog’ochdan ishlangan haykalchalar va byustlar (Fang qabilasi), mis qoplab silliq ishlangan “mbulungumu” shakllari (bakota qabilasi) o’ziga xos milliy ko’rinishga ega. “Yo’l bo’lsin, Kumba?”degan birinchi to’la metrajli badiiy filmni frantsuz rejissyor A. Ferrani bilan gabonlik S. Oje 1971 yilda yaratdi. “Tamtamlar tindi” (1972), “juz” (1975) filmlarida ijtimoiy muammolar o’rtaga quyilgan. Gavor Dennis (Denesh) (1900.5.6, Budapesht — 1979) — Venger fizigi, golografiya asoschisi. 1927 yildan Germaniyada, 1934 yildan Buyuk Britaniyada, 1967 yildan AQShda. Golografiyaning umumiy nazariyasini ishlab chiqqan (1948-51) va dastlabki gologrammalarni hosil qilgan, birinchi golografik mikroskopii yaratgan. Ilmiy ishlari elektronika, optika, axborotlar nazariyasi, aloqa nazariyasiga oid. Nobel mukofoti laureati (1971).