G’ARBIY BENGALIYA

G’ARBIY BENGALIYA – Hindistonning Sharqiy qismidagi shtat. Bengaliya qo’ltig’i sohili, Gang daryosi deltasining g’arbiy qismini egallaydi. Maydoni 887 ming kilometr kvadrat. Aholisi 80,2 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Kalkutta shahri. G’arbiy Bengaliya dunyoda aholi eng zich joylashgan hududlardan. Relefi allyuvial pasttekislik. G’arbiy qismida qirlar (balandligi 300-400 metr), shimolda Himolay tog’i tizmalari (eng baland joyi 4000 metr) bor. Iqlimi mussonli, tropik sernam iqlim. Yillik yog’in 1400-1800 millimetr, tog’larda 3000 millimetrdan ziyod. Dekabdr oyining o’rtacha temperaturasi 19°, may oyiniki 30° gacha. G’arbiy Bengaliya — Hindistonning iqtisodiyoti rivojlangan shtati, muqim qishloq xo’jalik rayonidir. Asosiy ekini — sholi. Shuningdek, sabzavot ekinlari, Xantal, raps, dukkakli ekinlar, tamaki, makkajo’xori ekiladi. Asosiy texnika ekini — jut va kanop. Shim. qismida choy plantasiyalari bor. Qirg’oqqa yaqin suvlarda va daryoda baliq ovlanadi. G’arbiy Bengaliya — mamlakatda sanoatning barcha tarmoqlari, xususan, yengil, og’ir, oziq-ovqat sanoatlari eng rivojlangan shtat. Mayda korxona ko’p. Raniganj havzasi mamlakatda qazib olinadigan ko’mirning 1/3 qismini beradi. Metallsozlik va mashinasozlik korxonalarida sanoat jihozlari, stanoklar, elektr jihozlar, kemalar, temir yo’l vagonlari, Avtomobil va Motosikllar ishlab chiqariladi. Shuningdek, kimyo, ip gazlama, oyna-shisha, ko’n-poyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Sanoat korxonalarining aksari qismi Kalkutta va uning atrofidagi shaharlarda joylashgan.