Gaymorit

Gaymorit — yuqori jag’suyagi bo’shlig’i (q. Gaymor bo’shlig’i) shilliq qavatining yallig’lanishi. Kechishiga ko’ra o’tkir, o’rtacha o’tkir va surunkali xillari farq qilinadi. Shamollash, gripp, tumov va b. infektsion kasalliklar, shuningdek burun bo’shlig’i va chirigan tishdan yallig’lanish jarayonlarining Gaymor bo’shlig’iga tarqalishi, ba’zan yuqori jag’ suyagining shikastlanishi sabab bo’ladi. O’tkir G.ni vaqtida davolamaslik yoki chala davolash, ba’zan allergiya oqibatida surunkali g. ro’y berishi mumkin. G.da bemorning darmoni quriydi, eti uvishadi, yonoqlari shishadi, harorati ko’tariladi, yuqori jag’i va boshi og’riydi, boshini burganda og’riq zo’rayib, burni bitadi; ko’pincha burunning bir tomonidan yiring (yiringli g.) yoki shilimshiq (Katar a l g.) oqadi, burundan nafas olish qiyinlashadi. Yarim o’tkir va surunkali g.da kasallik alomatlari birmuncha sust namoyon bo’ladi. Surunkali G. ba’zan yashirin kechib, sepsis, meningit, bosh miya abssessi va b. jiddiy asoratlar avj olishi mumkin. G.ning oldini olish uchun organizmni chiniqtirish, sport b-n shug’ullanish, sof havo va suv muolajalaridan bahramand bo’lish, shuningdek tumov, tish chirishi va b. kasalliklarni o’z vaqtida davolatish kerak. O’tkir G. da turli dori-darmonlar buyuriladi, surunkalida ko’pincha jarrohlik usuli qo’llaniladi.