GAZETA

GAZETA (italyancha gazzetta — chaqa pul) — kundalik voqealar to’g’risida materiallar e’lon qilinadigan davriy (vaqtli) bosma nashr. Ommaviy axborot va targ’ibotning asosiy vositalaridan biri. Uning vazifasi jamiyatning axborotga bo’lgan ehgiyojini, ma’naviy intellektual talablarini qondirishdan iborat. Gazeta faqat ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayot ob’yekti bo’lib qolmay, balki moddiy ishlab chiqarish ob’yekti, ishlab chiqarish-iqtisodiy munosabatlar sohasi hamdir. Shu bilan birga Gazeta tovar — moddiy mahsulot ham hisoblanadi. Gazeta hajmi 2 sahifadan 100 sahifagacha va undan ko’p bo’lishi mumkin. Gazeta ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ilmiy hayotga oid dolzarb axborotni hozirjavoblik bilan turli adabiy shakl (janr)larda ommaga yetkazadi va shu yo’l bilan o’z o’quvchilarida kundalik turmush voqealariga nisbatan ma’lum munosabat va tasavvur paydo bo’lishiga, siyosiy, iqtisodiy, axloqiy g’oya va e’tiqodlar shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi, jamoatchilik fikrining mahsuli va ifodachisi sifatida namoyon bo’ladi. Huquqiy demokratik jamiyatda Gazeta faoliyati tegishli Qonunchilik asosida kechadi. U o’zi tarqatayotgan axborotning xolis va haqqoniyligi uchun qonun oldida javobgar hisoblanadi, xalq ma’naviy qudratini yuksaltirishga, omma ijtimoiy ongini rivojlantirishga ko’maklashadi, hokimiyat bilan jamiyat o’rtasida xolis vositachi vazifasini o’taydi. Jamiyat va xalq nomidan boshqaruv idoralarining faoliyatini nazorat ostiga oladi. Demokratik jamiyatda kafolatlangan siyosiy erkinliklar, jumladan matbuot erkinligi g. faoliyatining samarali bo’lishi uchun qulay imkoniyat yaratadi. Avtoritarizm va totalitar tuzum sharoitida esa Gazeta bunday imkoniyatdan amalda mahrumdir. Gazetada turli janr va uslublardan, ayniqsa axborot va boshqa publitsistik janrlardan foydalaniladi. Ularda axborot agentliklarining rasmiy xabarlari, hisobotlar, reportajlar voqealarni hozirjavob tarzda yoritishga xizmat qiladi; sharu,, suhbat (intervyu), taqriz va boshqa vositasida voqealar va ularni keltirib chiqaruvchi sabablar izohlab beriladi; maqola, obzorlar va sharxlarda voqelik tahlil qilinadi; bulardan tashqari Gazetada lavha, ocherk, pamflet, feleton kabi publisistik janrlardan ham foydalaniladi; shuningdek unda gazetxonlarning xatlari, nazm va nasrda yozilgan badiiy asarlar, chizma va fotosuratlar bosiladi. Gazetani bezatish o’ziga xos bo’lib, bu avvalo Gazeta mazmunini gazetxonga qiziqarli va ommabop tarzda yetkazish, muhim xabar va fikrlarga ularning e’tiborini jalb etishga qaratiladi. Gazeta faoliyati bosh muharrir, bo’limlar mudirlari, turli yo’nalishdagi muxbirlar (reportyor, sharhlovchi va boshqa) dan iborat tahririyat tomonidan tashkil etiladi va boshqariladi. Ko’pgina Gazetalarning maxsus muxbirlari, mamlakatning ichida vaxorijiy davlatlarda o’z muxbirlari bo’ladi. Gazetalar faks, “Internet” tizimi, telefon va teleks vositalari orqali dunyoning turli chekkalaridan zud axborotlarni olib turadi. Gazetaning ibtidoiy turi dastlab Rimda — miloddan avvalgi 1-asrda (varaka va byulletieklar shaklida), Xitoyda 7-asrda (“Di Bao” — “Poytaxt axboroti” nomi bilan) chiqqan. Hozirgi gazetalarning dastlabki turlari 16-17-asrlarda Yevropada paydo bo’lgan. Ular xususiy shaxslar, aksariyat matbaachilar, noshirlar, pochta xodimlari tomonidan nashr qilingan. Ilk Gazetalar haftada va 15 kunda bir marta chop etilib, kam nusxada bo’lgan. Ularda asosan saroy yangiliklari, tijorat xabarlari bosilgan. 16-asrda Venetsiyada yozma axborotlar uchun “Gazetta” degan chaqa pul to’lashgan (nomi ham shundan). 1631 yilda Parijda qirol Lyudovik XIII (1586-1653) ning shaxsiy shifokori va yilnomachisi Teofrast Renodo parijlik kitobfurushlar — Lui Vandom va Jan Marpen bilan birgalikda “La Gazzette” nomli vaqtli bosma nashrni tashkil etadi. Hozirgi ma’nodagi “gazeta” termini mana shu nashr tashkil qilingach, so’zlashuvda rasm bo’la boshlagan, degan fikr mavjud. Gazetachilik 18-asrdan e’tiboran, ayniqsa Angliya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, AQSh mamlakatlarida taraqqiy qila boshladi va bu mamlakatlarda ko’plab ijtimoiysiyosiy yo’nalishdagi kundalik Gazetalar paydo bo’ldi. Mazkur davrda tarmoq, ya’ni soha Gazetalari ham tarkib topdi. Umumsiyosiy nashrlar qatoriga iqtisodiyot, tijorat, ilm-fan, adabiyot, sport va boshqa sohalarga ixtisoslashgan maxsus Gazetalar qo’shildi. Gazetalar chiqarish bilan xususiy noshirlardan tashqari turli ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar, firma va kompaniyalar ham shug’ullana boshladi. Shu tariqa Gazetalar turli siyosiy qarashlar, mafkuralar jarchisiga aylana bordi, uning paydo bo’lishi va ravnaq topishida ijtimoiy hayotning faollashuvi, ommada ijtimoiy axborotga ehtiyojning ortishi, savdo, sanoat va maorifning yuksalishi, bosmaxona anjomlari va qog’oz ishlab chiqarishning rivojlanishi, axborot to’plash, uni qayta ishlash va tarqatish muassasalari tarmog’ining kengayishi va boshqa omillar muhim ahamiyat kasb etdi. Demokratax qadriyatlarning, siyosiy erkinliklarning umumjahon miqyosida e’tirof qilinishi va jamiyat hayotiga singishi tufayli Gazetalar yo’nalishi va mazmunida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ladi. Demokratik rivojlanish yo’lidan borayotgan mamlakatlarda Gazetalar o’zlarini shaxs va jamiyat manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyon etmoqdalar. Gazetachilik taraqqiyoti O’zbekistonda ham o’z tarixiga ega. Bu yerda 19-asrning 70-yillaridan “Turkestanskie Vedomosti” Gazetasining chiqa boshlashi Turkistonda davriy matbuotning ibtidosi bo’ldi. Unda o’lka tarixi, madaniyati, geogr.si, etnografiyasi, sanoati va boshqalarga oid maqolalar bosilgan. Shu bilan bir vaqtda o’zbek tilida “Turkiston viloyaining gazeti” ham nashr etila boshladi. 1917 yilgacha Turkistonda bu ikki Gazetadan tashqari, turli vaqtlarda O’zbekcha va ruscha (ba’zan qirg’iz va tojik tillarida) 100 dan ortiq Gazetalar chiqqan. Ular asosan savdo, sanoat markazlari — Toshkent, Samarqand, Ashxobod, Qo’qon, Andijon, Farg’ona va boshqa shaharlarda nashr etilgan. Bular vazifasi, davriyligi va boshqa xususiyatlari jihatidan turlicha edi. 20-asr boshida hozirgi O’zbekiston hududida taraqqiyparvar o’zbek ma’rifatchilari tomonidan nashr qilingan “taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” (1906-07), “Buxoroyi Sharif”, “Samarkand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg’ona”( 1912-15), “Najot”, “Farg’ona nidosi”, “Turk eli”, “Xurriyat”, “el bayrog’i” (1917-18) kabi Gazetalar milliy gazetachilik tarixida munosib o’rin egallaydi. Ularda milliy taraqqiyot muammolari o’z ifodasini topgan. Ayniqsa “taraqqiy” birinchi bor erkinlik, tenglik g’oyalarini ilgari surdi, jadidlarning qarashlariga moslashib, istiqlolning ma’naviy zamini masalasiga katta e’tibor berdi. Shuning uchun ham O’zR Oliy Kengashi “taraqqiy” Gazetasining 1-soni chiqqan 27 iyun (1906) sanasini o’zbek jurnalistlarining kasb bayrami — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlash to’g’risida qaror qabul qildi (1993) . O’zbekistonda sho’ro tuzumi davrida o’zbek va boshqa mahalliy tillarda, shuningdek rus tilida yangi yo’nalishdagi Gazetalar tizimi tarkib topdi. Bularning barchasi (“Sovet O’zbekistoni”, “Pravda Vostoka”, “Haqiqati O’zbekiston”, “Qishloq haqiqati”, “o’qituvchilar gazetasi”, “yosh leninchi” va boshqalar) kommunistik mafkura nazorati ostida nashr etilgan, totalitar tuzum maqsadlariga xizmat qilib, kompartiya xohish-irodasini ifoda etgan. Ularning sahifalarida xalq tarixini soxtalashtiruvchi, milliy qadriyatlarni erga uruvchi, mamlakatdagi yakka hokimlik siyosatini keng qo’llab-quvvatlovchi, dahriylikni targ’ib etuvchi maqolalar ko’plab bosilgan. O’zbekistan mustaqillikka erishgach (1991), g.larga mafkuraviy yakkahokimlik barham topdi. Shundan so’ng mavjud Gazetalar o’z siyosiy yo’nalishini, mazmun-mohiyatini tubdan o’zgartirdi. Ayrimlarining nomi ham o’zgardi: “Sovet O’zbekistoni” — “O’zbekiston ovozi”, “haqiqati O’zbekiston” — “ovozi tojik”, “qishloq haqiqati” — “qishloq hayoti”, “O’qituvchilar gazetasi” — “ma’rifat”, “Yosh leninchi” — “Turkiston”, “Lenin uchquni” — “tong yulduzi” nomi bilan chiqa boshladi . O’zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari “Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi qonun (1997)ga binoan Gazetalar ta’sis etish huquqiga ega bo’ldi. O’zbekistonda tur va xil jihatdan farqlanuvchi keng tarmoqli Gazetalar tizimi tarkib topdi. Ayni paytda O’zbekiston Respublikasida 507 nomda (shundan 77 tasi respublika, 162 tasi viloyat, 176 tasi tuman, 45 tasi ko’p nusxali) Gazetalar nashr etiladi. Bularning bir galgi o’rtacha umumiy adadi qariyb 2,1 million nusxadan iborat (2001). Gazetalar o’zbek, rus, qozoq, tojik, qoraqalpoq, koreys, ingliz va boshqa tillarda chiqadi. O’zbekistonning yetakchi Gazetasi— “Xalq so’zi” va “Narodnoye slovo” O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Respublika Vazirlar Mahkamasining nashridir. Bu Gazetalar haftasiga 5 marta chop etiladi. O’zbekistondagi oshkoralik va demokratiya muhitida yuzaga kelgan yangi partiyalar ham o’z Gazetalarini nashr eta boshladilar. Bundan tashqari turli hukumat idoralari, xalq harakatlari, uyushmalar, jamg’armalar muassisligida nashr etilayotgan Gazetalar (“birlik—Edinstvo”, “Xurriyat”, “O’zbekistan adabiyoti va sanati”, “mulkdor”, “mening mulkim” — “Chastnaya sobstvennost”, “sog’lom avlod”, “savdogar” va boshqalar) ham chiqadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ko’plab reklama-tijorat, xususiy Gazetalar paydo bo’ldi. “Darakchi”, “tasvir”, “Biznesvestnik Vostoka”, “EKO”, “sado”, “7×7”, “Zakovat”, “Vostochnie Vesti”, “Qizilqum” kabi Gazetalar shular jumlasidandir. Ularning bir galgi adadi 30 mingdan 250 minggacha nusxani, hajmlari 48-64 sahifani (“biznes-vestnik Vostoka”, “solikdar va bojxona xabarnomasi”) tashkil qiladi. Tohir Pidaev, Jabbor Razzosov.