G’O’ZA SELEKTSIYASI VA URUG’CHILIGI INSTITUTI

G’O’ZA SELEKTSIYASI VA URUG’CHILIGI INSTITUTI, G. S.Zaytsev nomidagi O’zbekiston g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi — O’rta Osiyodagi yirik ilmiy muassasa. Toshkent viloyati Qibray tumani Salor shaharchasida joylashgan. 1965 yilda mustaqil institut sifatida tashkil etilgan (1922 yilda Turkiston selektsiya stansiyasi, 1930-60 yillarda Soyuznixining Markaziy selektsiya stansiyasi, 1960-65 yillarda Soyuz nixi filiali). 1965-91 yillarda Butunittifoq g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi instituti (1987 yildan ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi). 1992 yildan hozirgi nomda. O’zbekistonda g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi bo’yicha ilmiy markaz hisoblanadi. Institut tarkibida (2005): 3 bo’lim — selektsiya iazariyasini rivojlantirish va boshlang’ich materiallar tayyorlash (kollektsiya va boshlang’ich ashyo; biokimyo va biotexnologiya; mutagenez; o’simliklar immuniteti Genetikasi; sun’iy iqlim laboratoriyalari bilan); selektsiya (ingichka tolali g’o’za navlari selektsiyasi; 4-tip tolali g’o’za navlari selektsiyasi; 5-tip tolali g’o’za navlari selektsiyasi; tezpishar va past bo’yli g’o’za navlari selektsiyasi; beda selektsiyasi laboratoriyalari bilan); urug’chilik (yangi g’o’za navlarini sinash va dastlabki ko’paytirish; urug’chilik; urug’shunoslik; tola texnologiyasi; patent va marketing laboratoriyalari bilan), shuningdek aspirantura bo’limi, fitotron bor. Institutda ilmiy kutubxona va muzey ishlaydi. Institutning Toshkent viloyati Qibray tumani Markaziy tajriba stansiyasi (ekin maydoni 30 gektar), Toshkent viloyati Oqqo’rg’on tajriba (ekin maydoni 1000 gektar), Namangan viloyati Chust tumani “qizil Ravot” tajriba (ekin maydoni 300 gektar) va Surxondaryo viloyati Jarqo’rg’on tumani “Surxon” tajriba xo’jaliklari (ekin maydoni 1000 gektar)da ilmiy-amaliy ishlar olib boriladi (jami ekin maydoni 2330 gektar). Institutning asosiy ilmiy yo’nalishlari: tezpishar, serhosil, turli kasallik va zararkunandalarga hamda ekstremal sharoitlarga chidamli, tola sifati va tola chiqishi yuqori bo’lgan o’rta va ingichka tolali g’o’za va tarkibida protein moddasi yuqori bo’lgan beda navlarini yaratish hamda ularning urug’chiligi. Instituda jahon g’o’za kollektsiyasidagi mavjud yovvoyi va yarim yovvoyi ruderal formalarni chatishtirish; tur ichida va turlararo duragaylash asosida qimmatli donorlarni yaratish va selektsiya jarayoniga tavsiya etish, dunyo kollektsiyasi to’g’risida bank ma’lumotlarini yig’ish; tezpishar, hosildor, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo’lgan g’o’za va beda navlarini yaratish; superelita va elita urug’larini tayyorlashni ilmiy jihatdan ta’minlash, g’o’za urug’larini ekish va hosildorlik sifatlarini oshirishni ta’minlaydigan usullarni ishlab chiqish kabi tadqiqot ishlari olib boriladi. Institut faoliyati G.S.Zaytsev, AM.Lvtonomov, F.M. Mauer, P.P.Baranov, A.I.Belov, A.M.Maltsev, S.S.Xanash, A.L.Dadaboyev, S.M.Mirahmedov, Ya.D.Nagibin, B.P.Straumal, V.I. Kokuev, I.G.Grisenko, M.G’oyibnazarov. K.A.Visoskiy, G.X. Gubanov, Yu.P.Xutornoy, Z.M.Pudovkina. A.G. Arutyunova va boshqa olimlar nomi bilan bog’liq. Hozirgi davrda institutda I. Ibrohimov, A.E.Egamberdiev, S.Rahmonqulov, Yu.Ikromov, P.Sh.Ibrohimov, F.V.Voytenok, M.Mirjo’rayev, P.V.Popov, M.I.Iksanov, T.R.Rashitov, B.Allaqulov, H.Sodiqov va boshqalar samarali ilmiy tadqiqot ishlari olib borishmoqda. Jumladan, institutda A.A.Avtonomov va V.A.Avtonomovlar tomonidan O’zbekistonda birinchi bo’lib, Punktatum ruderal namunasi ishtirokida yaratilgan o’rta tolali g’o’zaning S-6524. Namangan-77, S-6530, S-6532, ingichka tolali g’o’zaning S-6029, Surxon-9 navlari yaratildi va katta maydonlarda ekilmoqda. 2000 yilda Oqqo’rg’on-2 (T.Xolxo’jayev, V.Ristakov, S.Raxmonqulov, M.Mirjo’raev), 2002 yilda S-2609 g’o’za navi (L.Sh.Ibrohimov, F.V.Voyte-nok), 2004 yilda esa tola sifati 11 tipga mansub bo’lgan Surxon-9 ingichka tolali g’o’za navi (V.A.Avtonomov, P.Sh.Ibrohimov) r-nlashtirildi. A.I.Belov tomonidan respublikada yagona bo’lgan beda selektsiyasi va urug’chiligi lab. tashkil etildi va bedaning yangi, yuqori proteinli Toshkent-3192, Toshkent-1, Toshkent—1728, Toshkent—2009, Toshkent—2938 navlari yaratildi. Institut olimlari gomonidan qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan 60 dan ortiq o’rta va 14 ta ingichka tolali g’o’za navlari yaratildi va ishlab chiqarishga joriy etildi. G’o’za kollektsiyasi genofondida AQSh, Misr, Meksika, Hindiston, Avstraliya va boshqalar 22 davlatdan keltirilgan 12 mingdan ortiq namunalar mavjud. Ushbu kollektsiya yangi g’o’za navlarini yaratishda respublikada asosiy genofond hisoblanadi. Institutda “g’o’za genetikasi, selektsiyasi, urug’chiligi va bedachilik masalalari” nomli ilmiy to’plam chop etiladi. (1924-2002 yillarda 31 ta to’plam nashr etildi). Insitutda 178 ilmiy va ilmiy-texnik xodim, shu jumladan, 6 fan doktori, 30 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2005). Institut AQSh, Gresiya, Bolgariya, Xitoy, Hindiston, Isroil, Misr davlatlaridagi paxtachilikka ixtisoslashgan ilmiy markazlar bilan ilmiy aloqalar olib boradi. Paridun Ibrohimov.