Gul
Gul (flos) — yopiq urug’li o’simliklarning generativ (jinsiy urchish) organi. Gul o’sishi cheklangan, shakli o’zgargan novda hisoblanadi gul gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urug’chidan tashkil topgan. Kosachabarglar — Gulning sirtida — birinchi qatorda joylashadi bargchalardan iborat. Kosachabarglar, odatda, yashil, o’simlik turiga qarab soni har xil bo’ladi. Ba’zi o’simliklarda (marmarak, Rayhon, no’xat va boshqalar) kosachabarglar bir-biri bilan qo’shilib, birikkan bargli tutash kosacha, boshqalarida (turp, shaftoli, o’rik va boshqalar) birikmasdan, ayrikosacha hosil qiladi. Gultoj barglar — kosachabarglardan ichki qavatga joylashgan gulbarglardan iborat. Rangi har xil. Tojbarglar ham tutash (pechak, karnaygul, kartoshka va boshqalar gulida) va ayritoj (o’sma, ayiqtovon, na’matak va boshqa gulida) bo’ladi. Changchilar Gulning chang (mikrospora) hosil qiluvchi qismi. Ular uchinchi qavatni tashkil qiladi. Urug’chi Gulning urug’kurtak (makrospora) hosil qiluvchi qismi bo’lib, markazda joylashgan. Kosachabarglar bilan tojbarglar gulqo’rg’on deyiladi. Kosachabarglar bilan tojbarglarga aniq ajralgan gulqo’rg’on (o’rik, olcha, sholg’om va boshqalar gulida) murakkab, bunday ajralmay, rangi bir xil bo’lgan gulqo’rg’on oddiy gulqo’rgon deyiladi. Tojbarglarga o’xshash, ochiq rangli oddiy gulqo’rg’on gultojsimon (Lola, piyoz gulida), kosachaga o’xshash yashili esa (lavlagi, sho’ra, otquloq va boshqalar gulida) kosachasimon gulqo’rg’on deb yuritiladi. Hasharotlar vositasida changlanadigan Gullar gulqo’rg’oni yaxshi rivojlangan, shamol yordamida changlanadigan Gullarniki esa uncha rivojlanmagan yoki butunlay yo’qolib ketgan. Gulqo’rg’onsiz yoki faqat urug’chi va changchilardan iborat gular (tol, terak, yong’oq kabilarning guli) yalang’och yoki gulqo’rg’onsiz Gullar deyiladi. Gulning barma qismlari o’rindiqqa joylashgan. O’rindiq keng va yassi (ayiqtovon, malina), konussimon yoki cho’ziqroq (yer- choy) yoki, aksincha, botiq (Ra’no, na’matak va boshqalar) bo’ladi. Har bir Gulda gulband bor. Ba’zan gulband deyarli rivojlanmay, Gul to’pgul o’qidan o’sib chiqadi (masalan, tizimgul, sebarga guli). Bunday Gullar bandsiz yoki o’troq Gullar deyiladi. Gulda urug’chilar va changchilar bo’lsa, ikki jinsli (behi, lolaqizg’aldoq, piyoz va boshqalar), faqat bittasi bo’lsa (yong’oq, makkajo’xori, tol, qayin va boshqalar), ayrim jinsli yoki bir jinsli Gul deyiladi. Bir jinsli Gul faqat urug’chilardan iborat bo’lsa — urug’chili (makkajo’xori so’tasi), faqat changchilardan iborat bo’lsa (makkajo’xori ro’vagi, yong’oq kuchalasi va boshqalar) — changchili Gul deyiladi. Gul markazidan ikki va undan ko’p chiziq o’tkazilganda teng simmetrik qismlarga bo’linsa, to’g’ri — aktinomorf (olma, o’rik, na’matak va boshqalar), faqat bitta chiziq bilan simmetrik qismlarga bo’linsa, qiyshiq — zigomorf Gul (Rayhon, yalpiz, itog’iz, jambil va boshqalar) deyiladi. Gullarda nasldan-naslga o’tadigan doimiy belgilar (Gul qismlarning shaqli, rangi, katta-kichikligi, bir-biriga nisbatan tutgan o’rni va soni) g’oyat xilma-xil. O’simliklarning urug’doshligi va evolyutsiyasini aniqlashda Gullarning ahamiyati katta. Gul shamol yoki hasharotlar vositasida changlanadi. Gul changlanishga turlicha moslashgan. Masalan, hasharotlar yordamida changlanadigan o’simliklarning Guli Yirik, hidli, xilma-xil rangda bo’lib, nektar bezlari shira (nektar) ajratadi. Nektar bezlari Gulning ichki qismida bo’lib, hasharotlar shira olishga qo’nganda tanasiga changni yopishtirib olib tarqatadi. Ko’p o’simliklar (masalan, yong’oq, terak, kanop, makkajo’xori va boshqa g’alladoshlar) shamol vositasida changlanadi. Ularning Guli mayda, ko’rimsiz, rangsiz va hidsiz, changlari quruq va yengil bo’ladi. Ad.: Xoliqov S., Pratov O’., O’simliklar anixushgichi, T., 1970; Mavlonov O., Qosimov A., Siddiqov J., Biologiya (ma’lumotnoma), T., 1999.