Hamroyev Najim Rahimovich

Hamroyev Najim Rahimovich (1933.10.1, hozirgi Navoiy viloyati Karmana shahri) — muhandis gidrotexnik-meliorator olim, O’zbekiston qishloq xo’jaligi fanlari akademiyasi akademik (1991), VASXNIL (1983), 1991 yildan Rossiya qishloq xo’jaligi fanlari akademiyasi muxbir a’zosi, texnika fanlari Doktori (1983), professor (1991). Mehnat Qahramoni (1981). O’zbekistonda (1983), Tojikistonda xizmat ko’rsatgan irrigator (1979), Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan quruvchi (1977). O’rta Osiyo politexnika institutini tugatgan (1957). “O’zbekgidroenergoqurilish” trestida muhandis (1958), Xishrov GES qurilishi bosh muhandisi, qurilish boshlig’i (1959-60), O’zbekiston Ministrlar Soveti ishlar boshqarmasi qurilish bo’limida katta referant (1960-62), Buxoro viloyati ijroiya qo’mitasi raisi o’rinbosari (1962-63), Amu-Buxoro mashina kanali qurilishi boshqarmasi boshlig’i (1963-65), O’zSSR Ministrlar Soveti suv qurilishi bosh boshqarmasi boshlig’i (1965 — 71), SSSR Ministrlar Soveti huzuridagi O’rta Osiyo irrigatsiya va sovxozlar qurilishi bosh boshqarmasi (“Glavsredazirsovxozstroy”) boshlig’i (1971-85); O’zbekiston Fanlar Akademiyasi ishlab chiqaruvchi kuchlarni o’rganish Kengashida bo’lim mudiri (1985-90), O’zbekiston Suv qurilishi davlat qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari (1990-91). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi suv muammolari instituti direktori (1991-96), bosh ilmiy xodim (1998-2002), ilmiy maslahatchi (2002 yildan), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi bosh direktori (1997-98). Ilmiy ishlari cho’l va chala cho’l mintaqalarini sug’orish va kompleks o’zlashtirish, agrosanoat majmualarini barpo etish, suv xo’jaligi va meliorativ sistemalar va inshootlar qurilishini tashkil etish hamda ularni ishlatish, yirik yer massivlarini o’zlashtirishning ilmiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolariga bag’ishlangan.