Haqberdiyev Xudoyberdi
Haqberdiyev Xudoyberdi (1949.1.6, Samarqand) — kulol, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997). Usta Umarqul Jo’raqulovga shogird tushib hunar o’rgangan. 1968 yildan mustaqil usta: badiiy fond ustaxonasida; 1978 yildan “Usto” birlashmasida. Haqberdiyev ijodi madaniy, tarixiy an’analar bilan uzviy bog’liq, asarlarida o’ziga xos mavzuli mujassamotlarida nafis shakl yechimiga erishgan: “ajdarho” (1972), “Bosim” (1990), “So’g’diyona” (1991— 92), “Urgut—Samarqand” (1991-92), “Saraton” (1996), “Samarqand” (2002), “Buyuk ipak yo’li” (2004) va boshqalar. Haqberdiyev 1967 yildan asarlari bilan Respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi. Jumladan, 2002 yildan Gollandiya shaharlarida yiliga 2 marta uyushtiriladigan kulollar assosiasiyasi ko’rgazmasi qatnashchisi. Asarlari Respublika va xorijiy davlatlar muzeylari va to’plamlarda saqlanadi.