Harakat nomi
Harakat nomi — fe’lning ishharakat nominigina bildiruvchi, zamon, shaxs-son, mayl kabi ma’nolarga ega bo’lmaydigan funktsional shakli. Fe’lning bu shakli -(i)sh, -(u)v, moq affikslari yordamida hosil bo’ladi; o’qish, yozuv, aytmoq kabi. Harakat nomi shakllari ish-harakatning bajarilishi yoki bajarilmasligini va ular bilan bog’liq ma’nolarni bildirmaydi, balki harakat-holatning o’zini ataydi, ya’ni harakat-holatning atamasi hisoblanadi. Shuning uchun ham ular otga xos grammatik ko’rsatkichlarni qabul qila oladi, gapda otning sintaktik vazifalarini bajaradi. U rus tilidagi fe’lning noaniq shakli va G’arb tillaridagi infinitiv shakliga ekvivalentdir. -sh/- ish va moq ko’rsatkichlari bilan hosil qilinuvchi shakllar ba’zan lik affiksi bilan qo’llanishi mumkin: borishlik, bormoqlik. Biroq bu adabiy til uchun me’yoriy holat emas. -v /-uv affiksi bilan yasaluvchi shakl nisbatan kam qo’llanadi. U qo’shilganda, fe’l o’zagi muayyan o’zgarishlarga uchraydi: o’qi— o’quv, ishla — ishlov. Bu shakldagi ko’plab fe’llar otga ko’chgan: saylov, qistov, tanlov, o’quv. Harakat nomining har uch shakli ham fe’llarning bo’lishsizlik ko’rsatkichi ma affiksini qabul qilmaydi. Harakat nomining bo’lishsiz shakli -maslik affiksi yordamida hosil qilinadi: bormaslik, kelmaslik, aytmaslik. Bo’lishsizlik shaklining har uchala ko’rsatkich uchun umumiyligi ularning ma’noga ko’ra jiddiy farqqa ega emasligini ko’rsatadi. Ilhomjon Madrahimov.