Harbiy holat

Harbiy holat — konstitutsiyaviy huquqda favqulodda vaziyatlarda o’rnatiladigan va davlat mudofaasi yoki jamoat tartibi, davlat xavfsizligini ta’minlash uchun favqulodda chora-tadbirlarni qo’llash bilan ajralib turadigan alohida huquqiy rejim. Harbiy holat uni joriy etishga vakolatli davlat organining qarori bilan alohida holatlarda (harbiy harakatlar boshlanganda, ommaviy tartibsizliklar ro’y berganda va hokazolar) o’rnatiladi. Harbiy holat ayrim joylarda ham, butun mamlakat hududida ham e’lon qilinishi mumkin. Harbiy holat paytida harbiy idoralarga mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va jamoat muassasalari va tashkilotlariga farmoyishlar berish huquqi beriladi. Harbiy ma’murlarning buyruq va farmoyishlariga bo’ysunmaganlik uchun harbiy davr qonunlari bo’yicha kuchaytirilgan javobgarlik belgilanadi. Fuqarolarning bir qancha huquqlari cheklanib turiladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 18-bandiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug’ilganda urush holati e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini 3 kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig’iga kiritadi. O’zbekiston Respublikasining “Mudofaa to’g’risida”gi qonuni (1992 yil 3 iyul) bo’yicha Oliy Bosh qo’mondonning vazifalari Harbiy holat e’lon qilinishi bilanoq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklanadi. Uning huzurida Mudofaa Kengashi tuziladi. Kengash harbiy davrda qurolli kuchlarga va xalq xo’jaligiga rahbarlik qiladi. Harbiy holat tartibi qonunlar bilan belgilanadi.