HARBIY KOMMUNIZM

HARBIY KOMMUNIZM — Sovet hokimiyati 1919-yildan boshlab mamlakatda «harbiy kommunizm» siyosatini joriy etdi. Uning mazmunini oziq-ovqat razvyorstkasi deb atalgan tartib joriy etilganligi tashkil etdi. Oziq-ovqat razvyorstkasi – bu dehqonlarning o’zlaridan ortiqcha qishloq xo’jalik mahsulotlarining hammasini davlatga majburiy tartibda topshirishidir. Davlatga g’alla och qolayotgan shahar aholisini (Sovet hokimiyatining asosiy tayanchi bo’lgan ishchilarni) va qizil armiyani non bilan ta‘minlash uchun zarur edi. «Harbiy kommunizm» – bu xususiy savdoning batamom taqiqlanishi, pulning bekor qilinishi, oziq-ovqat mahsulotlarini tenglik tamoyili asosida taqsimlash, faqat yirik va o’rta sanoatgina emas, hatto-mayda sanoatni ham milliylashtirish, boshqaruvning o’ta markazlashtirilishi ham edi. Bu iboradagi «harbiy» so’zi – bu siyosatning fuqarolar urushi va harbiy intervensiya davrida qo’llanilganligini anglatadi. «Kommunizm» so’zi esa 1919-1921-yillarda Sovet Rossiyasida marksizmleninizm ta‘limoti tasavvuridagi kommunizmga xos quyidagi xususiyatlar amal qilganligini anglatadi: savdoning tugatilganligi; pulning bekor qilinganligi, binobarin, mehnat uchun pul to’lanmasligi; aholiga iste‘mol mollarini taqsimlab berishning amal qilishi; barcha xizmat turlarining tekinligi.