Harf terish mashinalari
Harf terish mashinalari -matbaa bosma qolipi matn qismini tayyorlash uchun mo’ljallangan mashinalar. Birinchi Harf terish mashinalari 19-asr boshlarida yaratildi va matn satrlarini ayrim litera (harf) lardan terishni mexanizatsiyalashga imkon berdi. 1822 yilda ingliz ixtirochisi U. Chyorch klaviaturali litera terish (literanabor) mashinasini yasadi. 1866— 67 yillarda rus ixtirochisi P.P.Knyaginskiy perfolentali dastur asosida boshqariladigan litera terish mashinasini yaratdi. 19-asr oxirida linotip va monotip yaratilganidan keyingina Harf terish mashinalari keng qo’llanila boshladi. Fotonabor mashinalarining yaratilishidagi dastlabki qadamlar ham huddi shu davrga to’g’ri keladi. Harf terish mashinalari asosan uch xilga: terish-quyish, terish-yozish va fotonabor mashinalariga bo’linadi. Bularning yarim avtomat va avtomat turlari bo’ladi. Yarim avtomat mashinada harf teruvchi ishchi harflarni asosan klaviatura yordamida teradi. Avtomat mashina esa perfolenta yoki boshqa biror axborot eltuvchiga yozilgan dastur asosida boshqariladi. Hozir qo’lyozma matnlari va rasmlari asosan kompyuterpa terilib va sahifalanib ishlab chiqarishga topshiriladi. U yerda kontakt usulida plyonkaga o’tkazilib, montaj qilingach (sahifalangach), metal qolipga ko’chiriladi va bosma mashinaga o’tkaziladi.