Havo va quyosh vannalari
Havo va quyosh vannalari -davo va chiniqish maqsadida havo hamda quyosh nurining shifobaxsh xossasidan foydalanish. Havo va quyosh vannalari sanatoriy va kurortlarda davolanishning muhim qismi hisoblanadi, undan kundalik sharoitda ham (vrachning tavsiyasi bo’yicha) foydalanish mumkin. Havo vannalari turlaridan biri — peshayvonda davolanish, bunda davolanuvchilar ochiq peshayvonda ma’lum vaqt bo’ladilar; bemorlar mavsumga muvofiq kiyinib olishlari lozim (sovuq paytlarda issiq adyol, yotoq qopidan foydalaniladi). Havo vannasi qabul qilayotganda erkin harakatlanayotgan havo teridagi nerv uchlarini qo’zg’atib, uning nafas olishini va qonning kislorodga to’yinishini ta’minlaydi. Bunda oksidlanish jarayonlari va moddalar almashinuvi jadallashadi, muskul va nerv sistemasining quvvati oshadi, organizmdagi termoregulyatsiya sistemasi chiniqadi, ishtaha ochiladi, uyqu yaxshilanadi. Havosining tarkibida kislorod ko’p bo’lgan joylarda havo vannasi ayniqsa, foydali, bunday havo dengiz tupari, yengil aeroionlarga boy bo’ladi. Havo vannasi va muddatini vrach belgilaydi. Havo vannasi organizmni, ayniqsa, bolalar organizmini chiniqtirishda, organizmning tashqi muhit ta’sirlariga qarshiligini kuchaytirishda, shuningdek, bir qator kasalliklarda, jumladan, o’pka sili, kamqonlik, nerv sistemasining funktsional kasalliklarida, yurak-tomir sistemasi kasalliklarida tavsiya etiladi. O’tkir isitma, revmatizm, bo’g’imlarning surunkali yallig’lanishida, nevrit va miozit kasalliklarida havo vannasi buyurilmaydi. Havo vannalari issiq (22° dan yuqori), salqin (17-20°) va sovuq (17° dan past) bo’lishi mumkin. Davo kursi 20° dan yuqori temperaturada boshlanadi; birinchi kuni 10-15 minut qabul qilib, keyin kun sayin 10— 15 minutdan qo’shib boriladi va 1,5—2 soatgacha yetkaziladi. Salqin havo vannalari boshlanishda 3-7 minut qabul qilinadi, keyin kun sayin 3 — 5 minutdan uzaytirib borib, 1 soatga yetkaziladi. Havo temperaturasi 17° dan past bo’lganda sovqotmaslsk maqsadida yengil jismoniy mashqlar ham qilish kerak. Sovuq havo vannalari chiniqqan kishilargagina buyuriladi va uning vaqti 7-20 minutdan oshirilmaydi. Havo vannalarini et junjikib, “badan tuklari tikkayadigan” darajagacha qabul qilmaslik lozim. Quyosh vannalari. Quyosh nurining tarkibi va odam organizmiga ta’siri bir xil emas. Quyosh nurlari ko’zga ko’rinadigan (yoruglik) va ko’zga ko’rinmaydigan infraqizil hamda ultrabinafsha nurlardan iborat. Infraqizil nurlar organizm to’qimalaridan o’tayotganida issiqlik effekti hosil qiladi va terining nurlanayotgan qismi trasini oshiradi. Quyosh vannalari ko’rsatmasiga muvofiq bir qator teri va bo’g’im kasalliklarida, radikulit, nevrit va boshqa kasalliklarda qabul qilinadi, undan chiniqtiruvchi muolaja sifatida gripp, angina, yuqori nafas yo’llari Katari kabi kasalliklarni oldini olishda foydalaniladi. Ayrim kasalliklarning o’tkir davri, o’pka va me’da-ichak kasalliklarida quyosh vannasi tavsiya etilmaydi. Quyosh vannalari umumiy (butun badanni nurlantirish) va mahalliy (badanning bir qismini nurlantirish) bo’lishi mumkin. Badanni nurlantirishda quyoshning umumiy radiatsiyasidan foydalaniladi. Quyosh vannasini kushetkada yotib yoki o’tirib badanning har tomonini quyoshga toblab qabul qilinadi. Quyosh vannasidan avval havo vannasini qabul qilgan ma’qul. To’g’ri radiatsiyali quyosh vannasini qabul qilishda boshni soyabon yoki to’siq bilan pana qilib olish, ko’zga qora ko’zoynak taqish kerak, uni nahorga, ovqatlanishdan oldin va ovqatlangan zahoti qabul qilish tavsiya etilmaydi. Quyosh vannasi soyada dam olish bilan tugallanadi, shundan keyin cho’milish yoki dush qabul qilish maqsadga muvofiq. Bolalarning quyosh vannasi qabul qilishlarida alohida ehtiyotkorlik talab etiladi. Ularni darrov yalang’och qilib echintirib qo’ymaslik, boshiga soyabonli shlyapa kiydirish lozim. Badanning juda qizib ketishiga va ultrabinafsha nurlarning ortiqcha ta’sir etishiga yo’l qo’ymaslik uchun vaqt-vaqti bilan soyada dam olib turish zarur. Ortiqcha quyosh nuri organizmga yomon ta’sir etib, terining kuyishi (ba’zan nekroz kuzatilishi), oftob urishi, yallig’lanish, charchash, bosh og’rishi, uyqusizlik, isitma ko’tarilishiga va ba’zi kasalliklarning zo’rayib ketishiga olib kelishi mumkin. Havo va quyosh vannalari yoz faslida plyajlarda, parklar, dengiz va suv havzalari qirg’oqlariga qurilgan solyariylar, aerosolyariylarda maxsus ayvonlarda qabul qilinadi.