Hazorasp
Hazorasp — Hazorasp tumanidagi shaharcha, tuman markazi. Xorazm viloyatining sharqida, Toshkent — Urganch avtomagistrali va temir yo’l yoqasida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Viloyat markazi (Urganch shahri) dan 56 kilometr Janubi-Sharqda. Aholisi 16,7 ming kishi (2005). Hazorasp hududidan o’tgan Hazorasp, Hassayop, otaliq, Sipoi kanal va ariqlaridan suv oladi. Hazorasp Xiva bilan birga Xorazm vohasining eng qadimgi qal’a va aholi manzillaridan biridir. Hazorasp nomining kelib chiqishi to’g’risida turlicha qarashlar mavjud. Tarixchi, tilshunos va toponimist olimlar (Ya. G’ulomov, S.P.Tolstov, F.Abdullayev, O. Madrahimov va boshqalar)ning ta’kidlashicha, “Hazorasp” qadimgi Xorazmiy tilida ming ot (hazor — ming, ASP — ot) yoki ming otliq diyori ma’nosini bildiradi. O’tmishda muarrixlar uni “Qal’ai Sulaymon” deb ham ataganlar. Tarixchi olim M. Isxoqov taxminiga ko’ra, “Hazorasp” atamasi “Aturaspend” — “Muqaddas olov manzili”, “Otashgoh” ma’nosini bildiradi. Shahar toponimiyasi haqida mahalliy rivoyat va afsonalar ham mavjud. Ba’zi tarixiy ma’lumotlardan ma’lum bo’lishicha, Hazorasp Xorazmning chekkasidagi himoya istehkomi bo’lib, bu yerda mingga yaqin otliq qo’shin Xorazmni sharqdan kelishi ehtimol tutilgan dushmandan muhofaza etgan. Shaharda Rashiduddin Vatvot, Minglisuluvxonim, Javxariy, Sakkokiy, Husayn Xorazmiy, Ja’far Hazoraspiy, Hayoliy, Umidiy, Iskandar Mahmud kabi buyuk siymolar, shoir, olim va tabiblar yetishib chiqqan. Arxeologik qazishmalar natijasida Hazoraspning vujudga kelishi ilk antik davrlarga oidligi aniqlandi. Keyingi davrda O’zbekiston faning Samarqand, Nukus va Xorazm regional arxeologiya bo’limlarining 1996— 2005 yillarda o’tqazgan qazish ishlari natijasida shaharning 2700 yil avval bunyod bo’lganligi to’g’risida materiallar topildi. Shahar to’g’risida ilk yozma ma’lumotlar 9-10-asr Eron tarixchisi va filologi Tabariy, 10-asr tarixchi va geograflari Istaxriy va muqaddasiylarning asarlarida uchraydi. Sayyoh geograf, adib va tarixchi yoqut Hamaviyning yozishicha, Hazorasp mustahkam qal’ali kata shahar bo’lgan. Shahar yer yuzasiga chiqib qolgan tabiiy grunt suvi halqasi bilan o’ralgan. Qal’aga faqat birgina G’arb tomondagi maxsus yo’l olib borgan. Xondamir va Mirxond, Abulg’oziy Bahodirxon, Munis, Ogahiylar asarlarida Hazoraspning tarixiga oid ko’p ma’lumotlar berilgan. Hazorasp to’g’risida sayyoh, sharqshunos A.Vamberi ham qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirgan. 19-asr oxirida shaharda 8 masjid, madrasa, maktabxonalar faoliyat ko’rsatgan. Hazoraspda 50 dan ziyod korxona va tashkilot, shu jumladan, paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, ta’mirlash ustaxonalari, mahalliy sanoat korxonalari, to’qimachilik, palos fabrikalari bor. O’zbekiston — Germaniya “Unixo” qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Butun Quyi Amudaryo regionida mashhur bo’lgan “Qozoqbozor” deb ataluvchi bozor mavjud. Kichik va o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar ishlab turibdi. Shuningdek, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori bor. 4 umumiy ta’lim maktabi, iqtidorli bolalar litseyi, qishloq xo’jaligi, iqtisodiyot, tibbiyot, pedagogika kasb-hunar kollejlari va boshqa o’quv muassasalari faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kutubxonasi vauning tarmoqlari, madaniyat uyi, klub muassasalari, xiyobonlar, madaniyat va istirohat bog’i, “Istiqlol” stadioni, sport zallari, futbol maydonlari va boshqa sport inshootlari mavjud. Karate va taekvondo sport klublari faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, kattalar va bolalar poliklinikalari, shoshilinch tibbiy yordam bo’limi, tug’ruqxona, xususiy poliklinika, kasalxona, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Hazoraspdan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Denov va boshqa shaharlarga, Xorazmning boshqa tumanlariga, Qoraqalpog’istonning To’rtko’l, Beruniy shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. shaharda tarixiy va me’moriy yodgorliklardan qal’a qoldiqlari (miloddan avvalgi 7-6-asrlar), Juma masjidi (18-asr) va boshqalar saqlanib qolgan. J.Mankovskaya L., Bulatova V. Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978 Qurbonniyozov R., Xorazm geografiyasi Urganch, 1996; Nurja Nov K . va boshqalar, Hazorasp tarixi, Urganch, 1998; “Drevnosti Yujnogo Xorezma” (XAEE-XU1), M., 1992.