Hid bilish a’zolari

Hid bilish a’zolari – odam va hayvonlarning hid sezish a’zolari. Odamda burun bo’shlig’ining yuqori — orqa qismida joylashgan. Talaygina sut emizuvchilar burnidagi hid bilish qismi burun bo’shlig’i suyak devorining qo’shimcha chig’anog’i hisobiga kengaygan. Sudralib yuruvchilar, ba’zan sut emizuvchilar burun to’sig’ida Hid bilish a’zolaridan boshqa Yakobson a’zosi ham bor. Baliqlarda Hid bilish a’zolari juft burun o’yig’i yoki qopchiqlaridan iborat bo’lib, boshida — og’iz teshigi yonida joylashgan. Hasharotlar hidni antennalaridagi sensillalar bilan sezadi. Hid bilish a’zolarining spetsifik funktsiyasini ulardagi urchuqsimon hujayra — retseptorlar ta’minlaydi. Har bir hujayrada 2 o’simta bor: o’simtaning uzun va ingichka markazi hid bilish nervi tarkibiga kiradi; ikkinchi o’simta — periferik qismdir periferik qism umurtqali hayvonlarda hid biluv epiteliysi yuzasida to’g’nog’ichsimon yo’g’onlashib tugaydi; bularda bir tutam ingichka (0,25—0,3 mkm) tuklar (uzunligi bir necha o’n mkm) bo’ladi|. Quruklikda, suvda yashovchi umurtqalilar va hasharotlarning hid biluv tuklari bez hujayralari ajratgan shilimshiq modda bilan qoplangan. Hidli moddalar molekulasi dastlab suv yoki havodan shu modda — oraliq muhitga tushadi. Shu tuklarda hujayraning hidli moddalar molekulasi bilan birlamchi o’zaro ta’siri amalga oshadi.