Hirot miniatyura maktabi
Hirot miniatyura maktabi -15-asrda Hirotda shakllangan tasviriy san’at (miniatyura)dagi uslub. 20-30-yillarda Shohrux saroyida qo’lyozma kitoblar tayyorlanadigan ustaxonasi bo’lgan kitobxona yuzaga kelgach, u yerda adabiy va tarixiy mazmundagi qo’lyozmalarni bezovchi musavvirlar, xattotlar, naqqosh, Muzahhib va boshqalar to’plandi. Ularga Shahzoda Boysung’ur Mirzo homiylik qilgan. 15- asr 1-yarmida yaratilgan miniatyura asarlari badiiy-tasviriy usulining nafisligi, boy koloriti, tinimsiz izlanuvchanligi va oqibat natijada turg’un kompozitsiyalar va tasviriy qoidalarining puxta ishlanganligi bilan ajralib turadi. An’anaviy mavzular orasida Majlis, jang, ov, sevishganlar uchrashuvi, donolar suhbati, qahramonlar jasorati va boshqalar yetakchi o’rin tutadi. Mir Xalil, G’iyosiddin (Xitoydagi elchixonada ishlagan), Xo’ja Musavvir va boshqa ustalar tomonidan yaratilgan asarlar orasida “Shohnoma” (1429/ 30, Tehrondagi Guliston muzeyida), “Kalila va Dimna” (1429, 1430, Istanbuldagi To’pqopu saroy kutubxonasida), Nizomiyning “Xamsa” (1431, Ermitajda; 1445, To’pqopu saroy kutubxonasida) asarlar qo’lyozmalari mashhur. 15-asr 2-yarmida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy homiyligi tufayli Hirot miniatyura maktabi o’z taraqqiyotining yuqori cho’qqisiga ko’tarildi. Bu davrda rasm va ranglar uyg’unligi tuzilishining mohir ustalari bo’lgan Mirak Naqqosh, Xo’ja Muhammad naqqosh, Xo’ja Ali al-musavvir, Shoh Muzaffar kabilar ijod qildi; ijodiy Kamolot cho’qqisi Kamoliddin Behzod bo’ldi. Uning ijodida bu maktabning jo’shqin, harakat va detallarga boy kompozitsiyalardan his-tuyg’ularni ifodalash usuliga, shuningdek, portret janriga o’tishdek taraqqiyot yo’li o’z ifodasini topdi. Uning har bir yaratgan asari, shoh asar edi; zamondoshlari uning asarlarini badiiy mukammalligi, o’ta hayotiyligi va haqqoniyligi uchun qadrladi. Behzod rahbarligida shogirdlarning butun bir avlodi yetishib chiqdi: Darvesh Muhammad, Maqsud, Mulla Yusuf, original kompozitsiyalari, mahorati bilan ustozidan qolishmaydigan Qosim Ali va boshqalar tomonidan Navoiyning “Sab’ai sayyor” (1485, Oksforddagi Bodli kutubxonasida), Sa’diyning “Guliston” (1486, Parijdagi Rotshild majmuasida), Nizomiyning “Xamsa” (1494/ 95, Britaniya muzeyida), Dehlaviyning “Hasht bihisht” (1496/97, To’pqo-Pu saroy kutubxonasida) va boshqa bir qator qo’lyozmalar bezatildi, alohida miniatyuralar (Sulton Husayn, Shayboniyxon, Jomiy, Xatifiy va boshqa portretlar) yaratildi. Hirot miniatyura maktabining o’ziga xosligi — qo’lyozmalarni bezash uchun ajratilgan sahnalar ishtirokchilarining tanlab olinishi bilan bog’liq. Kompozitsiyada ishtirokchilar doira shaklida joylashtirilishi ham aynan ushbu maktabga xos an’ana. Hirot miniatyura maktabi vakillari geometriya, falsafa, adabiyot va boshqa sohalardan ham xabardor bo’lib, miniatyuralaridagi me’morlik koshinlari, Me’roj” (Amir Xusrav va Xasan Dehlaviyning terma “Devon”iga ishlangan, 1551). gilam, kandakorlik, kulolchilik, liboslarga ishlangan naqshlar aniq va ishonarli qilib tasvirlagan. Mazkur maktabning yana bir xususiyati — Xitoy tasviriy san’atining ba’zi ifodaviy unsurlaridan ijodiy foydalanishdan iborat (Xitoy ipaklarida, miniatyura va laklangan qutichalarga ishlangan “jimjimador bulut” tasviri Hirot miniatyuralarida ko’p uchraydi va hokazolar). Ranglarni tanlash borasida ham bu maktab K.Behzod boshlab bergan an’analariga ega. Hirotlik musavvirlar ranglarni ramziy va ifodaviy talqin etilishida ko’proq shoir izidan borishga harakat qiladilar. Hirot miniatyura maktabi boshqa badiiy markazlar (jumladan, Buxoro miniatyura maktabi, Samarqand miniatyura maktabi, Tabriz miniatyura maktabi va boshqalar)ning rivoji (jumladan, ularning musavvirlari ijodi)ga katta ta’sir etdi. Bu maktab vakillari yaratgan asarlar jahon badiiy merosiga bebaho hissa bo’lib qo’shildi. Ravshan Fatxullayev.